AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida mamlakatdagi favqulodda holat muddatini uzaytirdi. Maqom Afg‘onistonning muzlatilgan 7 milliard dollarlik aktivlarini Shveytsariyadagi trast fondiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishga asoslanadi, deb xabar berdi TOLOnews.
Oq uy Afg‘onistondagi gumanitar inqiroz va iqtisodiy inqiroz xavfi tufayli buyruq 2025 yil 11 fevraldan keyin ham kuchda qolishini ma’lum qildi.
Oq uy bayonotida shunday deyiladi: «Afg‘onistondagi keng tarqalgan gumanitar inqiroz, jumladan, afg‘on xalqining oziq-ovqat xavfsizligi, yashash vositalari, suv, sanitariya, sog‘liqni saqlash, gigiyena, boshpana va ko‘chirishga bo‘lgan shoshilinch ehtiyojlari va boshqa asosiy inson ehtiyojlari va Afg‘onistondagi ehtimoliy iqtisodiy inqirozning chuqurlashishi xavfi AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga noodatiy va favqulodda tahdid solishida davom etmoqda».
«Baydenning bayonoti asosan Afg‘onistonda favqulodda holat davom etayotganini tasdiqlaydi. Bu shuni anglatadiki, afg‘on aktivlari AQSh nazorati ostida qoladi», dedi iqtisodiy tahlilchi Sayid Mas’ud.
Avvalroq, Afg‘oniston Iqtisodiyot vazirligi xalqaro hamjamiyatni muzlatilgan barcha aktivlarni blokdan chiqarish va Afg‘oniston Markaziy bankiga qaytarishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» harakati 2021 yil 15 avgustda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, AQSh Afg‘onistonning qariyb 7 milliard dollarlik, Yevropa davlatlari esa 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ni muzlatib qo‘ygan.