17 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 22:00 / 17.01.2025 1359

Limitdan ortiq mobil qurilmalar uchun yangi boj, ikkilamchi avtobozorda pasaygan narxlar, 30 ming dollar bilan ushlangan hokim yordamchisi va 100 grammli oltin quymalar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Chetdan telefon olib kirishga boj

2024 yildan boshlab yangi telefonlar va sim-karta ketadigan boshqa mobil qurilmalarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish majburiy bo‘ldi.

Endi qurilmani IMEI tizimida qayddan o‘tkazish uchun xorijga chiqib kelganlik faktining o‘zi yetarli emas.

Mabodo deklaratsiya to‘ldirilmasa, qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatga olish uchun 30 foizlik boj to‘lash talab qilinadi. Bu boj esa yangi telefonning rasmiy narxiga qarab hisoblanadi.

Hozir xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqaro bir martaning o‘zida ko‘pi bilan ikkita yangi telefon olib kirishi mumkin: Faqat samolyotda kelganda bu telefonlarning jami narxi 2000 dollardan, poyezdda – 1000 dollardan, mashinada – 300 dollardan oshmasligi kerak. Limitdan oshsa, qiymatning ortiqcha qismiga 30 foiz boj undiriladi.

Agar chegarani kesib o‘tayotganda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasa, qurilmani UzIMEI tizimida registratsiya qilish uchun qurilmaning bojxona qiymatidan 30 foiz boj to‘lanadi. Boj to‘lanmasa telefonni UzIMEI tizimida registratsiya qilib bo‘lmaydi.

Nafaqat telefonlar, shuningdek, planshetlar va sim-karta modulli boshqa qurilmalarni olib kirishda deklaratsiya to‘ldirish shart. Ammo soatlar, modemlar yoki kompyuterlar uchun deklaratsiya talab qilinmaydi.

Bu chora noqonuniy olib kirilgan telefonlarni aniqlash uchun joriy qilingani aytilmoqda. Yangi tartib UzIMEI tizimida registratsiyadan o‘tmagan barcha qurilmalar, jumladan, xorijdan sotib olingan va avval foydalanilgan telefonlar uchun ham amal qiladi.

Turkiyada vafot etgan o‘zbekistonliklar 14 nafarga yetdi

Turkiyada qalbaki spirtli ichimlik iste’molidan vafot etgan fuqarolar soni 37 nafarga yetgan. Ularning 14 nafari o‘zbekistonlik.

16 yanvar kuni yana 4 nafar o‘zbekistonlik vafot etgani ma’lum qilindi. Istanbul shifoxonalaridagi zaharlangan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosining ahvoli og‘ir.

Turkiyada jami qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanganlar soni 88 nafarni tashkil qilmoqda. Huquq-tartibot organlari 32 ming 862 litr soxta alkogol musodara qilib, 9 nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Tergov ishlari davom etmoqda.

Ikkilamchi avtobozorda narxlar pasayishi kuzatildi

2024 yil dekabr oyida O‘zbekistonda ikkilamchi avtomobil bozorida faollik pasayishi davom etdi. Bu ko‘p va o‘rtacha foydalanilgan mahalliy avtomobillar narxlari tushishiga olib keldi.

Xususan, Onix 3,6–4,4 foizga, Lacetti 1,3 foizga, Cobalt 0,8–1,6 foizga, Nexia 0,9 foizga, Spark 0,5–1 foizga va Damas 1–1,2 foizga arzonladi.

Malibu va Tracker avtomobillari narxlari ham pasaygan bo‘lsa, Equinox biroz qimmatlashdi.

Elektromobillar orasida yangi BYD modellari 1,2–1,9 foizga arzonlagan. Shuningdek, o‘rtacha foydalanilgan elektromobillardan BYD E2 va Han 0,8–4,2 foizga arzonlashgan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgan elektromobillar ayrim holatlarda qimmatlashdi.

Chevrolet Monza va Kia Sportage arzonlashgan bo‘lsa, Kia K5, Seltos va Hyundai Tucson narxlarida o‘sish qayd etildi.

30 ming dollar bilan ushlangan hokim yordamchisi

Toshkentning Uchtepa tumanidagi mahallalardan birining hokim yordamchisi firibgarlikda ayblanib qo‘lga olindi. U tadbirkorga 210 metr kvadrat yer maydonini auksion orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun 30 ming dollar olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs oldin ham 3 marta jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, pora berishga qasd qilish moddalari bilan ish qo‘zg‘atilgan. U qamoqqa olingan.

100 grammli oltin quymalar sotuvga chiqadi

17 yanvardan e’tiboran O‘zbekistondagi tijorat banklari orqali og‘irligi 100 gramm bo‘lgan oltin quymalar sotuvga chiqariladi. Bundan avval 5, 10, 20 va 50 grammli quymalar sotuvda bo‘lgan.

100 grammli quymaning narxi 114 mln 570 ming so‘m qilib belgilangan.

Quymalar maxsus himoya qadog‘ida taqdim etilib, qadog‘i sertifikat vazifasini bajaradi va seriya raqamiga ega bo‘ladi.

Quymalarning narxi har kuni Markaziy bank saytida milliy valutada e’lon qilinadi. Qadog‘i but quymalar qayta sotib olinishi va O‘zbekistondan tashqariga olib chiqilishi mumkin.

Dam olish kunlari yomg‘ir va qor kutilmoqda

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 17–19 yanvar kunlari mamlakat bo‘ylab beqaror ob-havo hukm suradi. Hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik asosan 19 yanvarda kuzatiladi.

Harorat shanba va yakshanba kunlari kechasi 0...+5, kunduzi +2...+7 daraja bo‘ladi. Kechasi va ertalab ayrim hududlarda tuman tushishi mumkin. Shamol tezligi 7–10 m/s, ba’zi joylarda 13–18 m/sga yetadi.

Toshkentda 18–19 yanvar kunlari yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi +4...+7 daraja atrofida bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: