10 fevraldan Umra ziyoratchilaridan meningitga qarshi emlanish talab etilishi aytilmoqda. Nimalar ma’lum?
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday tartibni nazarda tutuvchi hujjat qabul qilgan. Bunga dunyoda o‘tkir respiratorli infeksiyalar bilan kasallanish holatlari ko‘paygani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ayni paytda respublikaning ayrim hududlarida meningokokk infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashganini bildirdi.

Foto: Kun.uz
2025 yil fevral oyi boshidan Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga boradigan ziyoratchilardan meningitga qarshi emlanganlik haqidagi hujjat talab etiladi. Ushbu davlat Sog‘liqni saqlash vazirligi shuni talab qiluvchi hujjat qabul qildi.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida e’lon qilingan yangi tartibga ko‘ra, mamlakatga Umra va Haj ziyorati yoki ziyorat davrida mavsumiy ishlash uchun keladiganlardan meningitga qarshi emlanish talab etiladi. Bu kasallik bosh miya qobig‘i va orqa miyaning yallig‘lanishi bilan kechadi. Unda aytilishicha, barcha mamlakatlardan keladigan 1 yosh va undan katta fuqarolar ushbu kasallikdan emlanganlik haqida sertifikat taqdim etishi kerak. Saytda qirollik tomonidan tasdiqlangan vaksinalar nomi ham keltirilgan:
MenACWY polisaxarid vaksinasi — o‘tgan uch yil ichida va mamlakatga kelishdan kamida 10 kun oldin qabul qilingan bo‘lishi kerak;
MenACWY conjugated2 vaksinasi — o‘tgan besh yil ichida va mamlakatga kelishdan kamida 10 kun oldin qabul qilingan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, Qirolikka kirish uchun poliomiyelit infeksiyasi va sariq bezgakka qarshi emlanganlik ham talab etiladi.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi hamda Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda ishtirok etuvchi turfirmalar, shuningdek, aviakompaniyalarga ushbu holat bo‘yicha xat bilan chiqdi. Unda ayni paytda respublikaning ayrim hududlarida meningokokk infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashgani qayd etilgan.
“Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni davrda o‘tkir respiratorli infeksiyalar, shu jumladan, meningokokk infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘payishi kuzatilayotgani ma’lum qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab taxminan 300 mingdan 500 minggacha meningit holatlari qayd etiladi. Shu jumladan, 30 mingdan 50 minggacha o‘lim holatlari kuzatiladi.
Ayni paytda respublikaning qator ma’muriy hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Jizzax, Namangan viloyatlarida meningokokk infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashgani kuzatilmoqda. Kasalliklar orasida o‘lim holatlari ham kuzatilgan. Epidemiologik surishtiruvlarda aksariyat holatlarda kasallik mamlakatdan tashqarida bo‘lib qaytgan fuqarolarning muloqotidan keyin yuzaga kelgani, ayniqsa, Umra safari bilan bog‘liqligi aniqlangan”, deyiladi qo‘mita xatida.
Qayd etilishicha, Umra va Haj ziyoratchilarini meningitga qarshi emlash ishlari 2019 yilga qadar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda muntazam ravishda tizimli amalga oshirilib kelingan. Biroq Saudiya Arabistoniga kirish uchun viza olish tartibi elektron tizimga o‘tish davrida Umra ziyoratchilarining meningitga qarshi emlanganini nazoratga olish e’tibordan chetda qolgan. Hozirga qadar faqat Haj ziyoratchilari meningitga qarshi emlanib kelindi.
Buning oqibatida Makka va Madina shaharlarida meningit infeksiyasi bilan kasallangan ziyoratchilar boshqa ziyoratchilarga kasallikni yuqtirib, infeksiyani tarqatish manbasiga aylanmoqda. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholi o‘rtasida meningokokkli infeksiyalarning kelib chiqishi va tarqalishi oldini olish maqsadida Umra safariga boruvchi fuqarolarga nisbatan ham ushbu tartibni joriy etishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini bildirgan.
Shuningdek, qo‘mita fuqarolarni Haj va Umra ziyoratlariga (turfirmalar tomonidan ketayotganlarni ham) borishida Saudiya Arabistoni hududiga kirish uchun viza olish davomida meningokokk infeksiyasiga qarshi emlash tartibini joriy etishni tavsiya qilgan.
“Bu kamida sayohatga chiqishdan 15 kun yoki 1 oy oldin amalga oshirilishi kerak (agar avval emlanganlik sertifikati mavjud bo‘lsa amal qilish muddati emlangan kunidan boshlab bir yilni tashkil qiladi). Shuningdek, havo tomchi yo‘llari orqali yuqadigan infeksiyalardan himoya qilish uchun ziyoratchilarning katta guruhlarini yopiq xonalarda bo‘lganida nafas olish tizimini infeksiyalar kirib kelishidan himoya qiluvchi himoya niqoblaridan foydalanishni, qo‘llarni sovun yoki antiseptiklar bilan tez-tez yuvishni, yo‘talayotganda va aksirganda salfetkalardan foydalanishni, kasallik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan fuqarolar bilan aloqa qilishdan saqlanishni hamda shaxsiy gigiyenaga rioya qilishni tavsiya etamiz”, deyiladi xatda.
Bundan tashqari, qo‘mita Sog‘liqni saqlash vazirligidan Haj va Umra ziyoratlariga boruvchi fuqarolarni meningokokk infeksiyasiga qarshi emlashda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i Lyudmila Kudasheva meningitdan himoyalanish zarurati haqida gapirib, Haj yoki Umra ziyoratiga yo‘l olgan fuqarolardan nega emlanish talab etilishiga izoh bergandi. “Bu ziyoratlarda qisqa vaqt ichida bir joyga dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘p odamlar yig‘iladi. Va, albatta, hech kim ularda meningokokk infeksiyasi yo‘q deb kafolat bera olmaydi.
Shu sababli ham fuqarolarimiz safarga otlanganlarida meningokokk infeksiyasiga, shuningdek, grippga qarshi emlanishlari kerak. Gap shundaki, meningokokk infeksiyasi havo orqali yuqadigan infeksiyadir. Ya’ni kasallikka chalingan kimdir aksirsa yoki yo‘talsa infeksiya butun atrofga tarqaydi. Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko‘payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbayi hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin. Ko‘p yillik kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, meningitga qarshi emlanganlar meningokokk infeksiyasiga chalinmaydi” degan edi shifokor.
Mavzuga oid

20:07 / 03.03.2025
Saudiya Arabistonida og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

18:47 / 18.02.2025
«O‘zbekiston bilan kelishib, Haj kvotasini 15 mingta belgiladik» - Saudiya Haj va Umra vaziri

12:03 / 18.02.2025
Haj va Umraga noqonuniy yuborish holatlari aniqlandi

14:35 / 13.02.2025