Jamiyat | 12:03 / 18.02.2025
1494
2 daqiqa o‘qiladi

Haj va Umraga noqonuniy yuborish holatlari aniqlandi

DXX va IIV tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Haj va Umra ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali joriy yilgi Haj mavsumida ezgu amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turistik firma orqali Umra ziyoratiga yuborish evaziga 3450 AQSh dollari olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. 

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi shaxs Umra ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasa-da, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni Umra safariga jo‘natish evaziga 2400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Quva tumanida qayd etilgan holatda shaxs “Telegram” messenjeridagi profili orqali go‘yoki Umra ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan Umra vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga jo‘natish evaziga 3100 AQSh dollari talab qilib, oldindan 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid