16 yanvar kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer hukumat rahbariga aylanganidan buyon ilk marta Kiyevga keldi.
«Tinchlik kuch orqali», — deya yozdi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer poyezdda Kiyevga kelganidan keyin. Vokzalda uni Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Martin Harris hamda Ukrainaning Londondagi elchisi Valeriy Zalujniy kutib olgan.
Peace through strength.
— Keir Starmer (@Keir_Starmer) January 16, 2025
I’m in Kyiv with a simple message to the people of Ukraine:
Our 100 Year Partnership is a promise that we are with you, not just today or tomorrow, but for a hundred years – long after this war is over and Ukraine is free and thriving once again. pic.twitter.com/sd7BghKz28
Starmer Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Dauning-stritdagilar Ukraina bilan «yuz yillik muhim hamkorlik» deb atagan bitimga imzo chekkan.
Hujjat Londonning Kiyevga ko‘rsatib kelayotgan yordamini rasmiylashtiradi, shuningdek, unda Buyuk Britaniya o‘z zimmasiga oladigan yangi majburiyatlar ko‘rsatilgan.
Starmer Rossiya bilan urush qurbonlari yodgorligiga gulchambar qo‘ygan va jurnalistlarga Britaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan «hech qachon chekinmasligi»ni bildirgan.
Ushbu marosimdan taxminan bir soat o‘tib Ukraina poytaxtida portlash ovozlari eshitilgan va dronlar hujumi xavfi tufayli ma’lum vaqt davomida havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga yangrab turgan. «Poytaxt markazida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamoqda. Xavfsiz joylarda bo‘ling!» — deya yozgan telegramda shahar meri Vitaliy Klichko.
Kelishuv nimalarni o‘z ichiga oladi?
Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi va Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, Kiyevdagi temiryo‘l vokzalida Starmerni kutib olgan Valeriy Zalujniy kelishuvda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilganini aytgan.
Britaniya TIV o‘z saytida yozishicha, kelishuv «dengiz xavfsizligi sohasida harbiy hamkorlikni kuchaytiradi va Boltiqbo‘yi, Qora va Azov dengizlarida xavfsizlikni mustahkamlash hamda Rossiya agressiyasining oldini olish uchun yangi ishlash prinsiplarini belgilab beradi».
Kelishuv Rossiya Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlaridan jahon bozoriga olib chiqilgan g‘allani kuzatishga qaratilgan yangi sxemani ishga tushirishni ham nazarda tutadi.
U shuningdek fan va texnologiya, jumladan, dronlar va kosmik apparatlar ishlab chiqarish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi.
Avvalroq Zelenskiy Ukraina hududini Rossiya hujumlaridan himoyalashda Buyuk Britaniyaning yordamidan umid qilayotganini bildirgandi.
Starmer kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik va uzoq yillik investitsiyalarni o‘z ichiga olishini ta’kidlagan.
«[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Ukraina va uning eng yaqin ittifoqchilari o‘rtasida nizo keltirib chiqarmoqchi bo‘ldi, ammo bu strategiya jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Aksincha, biz har qachongidan ko‘ra yaqinroqmiz va bu hamkorlik o‘zaro do‘stligimizni yangi darajaga olib chiqadi», — deya qayd etgan britanlar bosh vaziri.
Starmer 2025 yilda Buyuk Britaniya Ukrainaga Daniya tomonidan moliyalashtirilgan yangi havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishini va ukrain harbiylarini o‘qitishni davom ettirishini ma’lum qildi. Qariyb uch yil davomida 50 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi Buyuk Britaniyada tayyorgarlikdan o‘tgan.
Trampning Oq uyga qaytishi arafasidagi tashrif
Bu Starmer Ukrainaga mamlakat bosh vaziri sifatida ilk bor kelishidir. U bu lavozimni yarim yil oldin egallagandi, ammo o‘zidan oldingi hukumat rahbarlaridan farqli o‘laroq, Kiyevga safar qilishga shoshilmadi (Boris Jonson 2022 yil aprelida, urush boshlanganidan ikki oy o‘tganida, Rishi Sunak lavozimga kirishganidan bir oy o‘tib Kiyevga kelgan). Starmer Ukrainaga 2023 yilda, muxolifat rahbari ekanida tashrif buyurgan, Buyuk Britaniya hukumati rahbari lavozimiga kirishganidan keyin ikki marta Londonda Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Britaniyaning The Telegraph gazetasi Kir Starmer Ukrainaga Vashingtonda Donald Trampning inauguratsiyasi arafasida kelganiga e’tibor qaratib, bu tashrifni «AQSh tomonidan qo‘llov susayayotgani sharoitida Zalenskiyni qo‘llab-quvvatlashning ramziy namoyishi» sifatida baholagan.
Ukraina prezidenti uchun AQShning yangi ma’muriyati Kiyevga bosim o‘tkazib, uni Moskva bilan adolatsiz sulh tuzishga undashi mumkinligi bo‘yicha xavotirlar fonida Yevropadagi ittifoqchilardan qo‘llovga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi.
14 yanvar kuni Kiyevga Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham kelgandi. U Ukraina hukumatini 23 fevral kuni Bundestag uchun saylovlarda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Berlin Kiyevni Rossiya tajovuziga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirgan.
Zelenskiy Ukraina xavfsizligini mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi bilan ta’minlash mumkinligi, mamlakatga g‘arb davlatlari armiyalaridan tinchlikparvar kuchlar yuborilishini kutayotganini aytgan. Ular harbiy harakatlar to‘xtatilganidan keyin bufer zonaga aylanadigan front chizig‘ida navbatchilik qilishi mumkin.
Starmerning tashrifidan oldin Zelenskiy Britaniya bosh vaziri bilan aynan shu masalani muhokama qilmoqchi ekanini aytgandi.
Britaniya Ukrainaga allaqachon 12,8 mlrd funt sterling (15 mlrd dollardan ortiq) miqdorida yordam ajratgani va har yili — «qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha» — 3 mlrd funtdan (3,7 mlrd dollar) harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgani eslatib o‘tilgan.
Ukraina allaqachon britanlarning Storm Shadow raketalaridan Rossiya hududlari bo‘ylab zarbalar yo‘llashda foydalanmoqda, bu esa Moskvaning keskin noroziligini keltirib chiqargan.
Britaniya va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasi yaqin haftalar ichida Britaniya parlamentiga taqdim etilishi kerak. Uni tayyorlash jarayoni konservatorlarning oldingi hukumati davridayoq boshlangandi.