SpaceX kompaniyasi Floridadagi Kosmik markaz start maydonchasidan Oyga qo‘nishni amalga oshiradigan ikkita apparat ortilgan Falcon 9 raketasini uchirdi.
Kosmosga uchirilgan apparatlardan biri Blue Ghost bo‘lib, u Amerikaning Firefly kompaniyasiga tegishli. Firefly — NASA pudratchisi va Artemis dasturi ishtirokchisi. Ushbu dastur doirasida AQSh kosmik agentligi Oyga astronavtlarni qayta yuborishni reja qilgan.
Resilience nomi ostidagi ikkinchi apparat Yaponiyaning Ispece kompaniyasiga tegishli. 2023 yilda Ispece’ni Oyga qo‘ndirmoqchi bo‘lishgan, ammo u yonilg‘ining yetarli emasligi bois yumshoq qo‘nishni amalga oshira olmay, qulab tushgan. Yangi missiya birinchi parvozdagi xatoliklarni to‘g‘irlashga qaratilgan.
Birinchi marta kosmosga uchirilgan Blue Ghost Oyga yetib borishi uchun 45 kun kerak bo‘ladi. Resilience esa ushbu masofani besh oyda bosib o‘tadi, chunki u «kam energiyali trayektoriya» bo‘ylab harakatlanadi.
Blue Ghost Oyda ikki hafta ishlashi kerak. Uning bortida sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasini testdan o‘tkazishga mo‘ljallangan uskunalar, yuqori radiatsiyaga bardosh bera oladigan kompyuterlar va tabiiy yo‘ldosh tuprog‘ini to‘plashga xizmat qiladigan uskunalar mavjud.
Resilience esa Oy yuzasini tadqiq qiluvchi u qadar katta bo‘lmagan Tenacious lunoxodini olib ketgan. Uning bortida suv elektrolizi uchun qurilma va suv o‘tlari o‘stiriladigan blok mavjud. Tajriba kelajakda Oyda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan.
Missiya muvaffaqiyatga erishgudek bo‘lsa, bu Oyga uchirilgan birinchi tijoriy parvoz bo‘ladi.