O‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishgan – Markaziy bank so‘rovnomasi
Dekabr oyida O‘zbekiston aholisiga sezilgan inflatsiya 14,7 foizni tashkil etdi. Markaziy bank so‘rovnomasida qatnashganlarning katta qismi go‘sht va sut hamda benzin va boshqa yonilg‘i narxlari yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan. Oy davomida elektr va tabiiy gaz, meva-sabzavotlar hamda tuxum narxlarida yuqori darajada o‘sishni sezganlar ulushi ham ko‘paygan.

Foto: Getty Images
Markaziy bank dekabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi oid so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 14,7 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri (18,3 foiz) va Farg‘ona viloyatida (17,1 foiz), eng past darajasi esa Xorazm (12,8 foiz) va Andijon viloyatlarida (12,2 foiz) sezilgan.
So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi go‘sht va sut hamda benzin va yoqilg‘i narxi yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan.
Shuningdek, oy davomida elektr va tabiiy gaz (45 foiz), meva-sabzavotlar (33 foiz) va tuxum (29 foiz) narxlarida yuqori darajada o‘sishni sezganlar ulushi ko‘paygan.
Daromadlari 2 mln so‘mgacha va 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflatsiya 18,4 foizni tashkil qilgan.
Avvalroq, dekabr oyida iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 9,8 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. O‘tgan oyda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 4,9 foiz bo‘lgan.
Mavzuga oid

18:43 / 05.03.2025
Kredit olishni o‘ziga taqiqlash imkonini beruvchi qonun qabul qilindi

17:22 / 05.03.2025
O‘zbekiston yanvarda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatga aylandi

11:55 / 04.03.2025
O‘zbekistonda inflatsiya tezlashdi. Bir oy ichida aviachiptalar 22 foizga qimmatlashgan

20:39 / 03.03.2025