AZAL samolyoti qora qutilari halokat haqida tarqalgan ba’zi ma’lumotlarni tasdiqlamaydi - Sergey Lavrov

Jahon 21:42 / 14.01.2025 3780

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining halokatga uchragan samolyoti qora qutilaridagi yozuvlar «ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ba’zi dastlabki xulosalarni» tasdiqlamasligini aytdi. Bu haqda u 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi TASS.

Lavrov yozuvlarda nimalar aniqlanganiga oydinlik kiritmadi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi rahbari halokatga uchragan samolyotning qora qutilari ochilgan Braziliyadagi «maxsus yig‘ilish» haqida gapirdi.

«Ularning mazmuni allaqachon juda ko‘p qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etgan, ularning mazmuni bizni tergov to‘liq yakunlanishini kutishimiz kerakligiga yana bir bor ishontirmoqda. Endi esa, umuman olganda, qora quti yozuvlari bilan tasdiqlanmagan ma’lumotlardan foydalanib, media makonida keskinlikni kuchaytirishning hojati yo‘q», dedi Lavrov.

Qora qutilarning yozuvlari haqida ilgari xabar qilinmagan.

25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Hodisada 38 kishi halok bo‘ldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya havo hududida yuz bergan fojiali voqea» uchun uzr so‘radi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aviahalokatda «aybini tan olishi», aybdorlar jazolanishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.

Embraer 190 samolyoti Braziliyada ishlab chiqariladi. Shu tufayli tergovga ushbu mamlakat vakillari ham jalb qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: