Xorvatiyada 12 yanvar, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida amaldagi davlat rahbari Zoran Milanovich g‘alaba qozondi. Dastlabki rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, unga saylovchilarning 78 foizi ovoz bergan bo‘lsa, 22 foizi uning raqibi, sobiq fan, ta’lim va sport vaziri Dragan Primorats uchun ovoz bergan.
Prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi oldidan xorvatiyalik tadqiqotchilar Axborot barqarorligi markazi (CIR) bilan hamkorlikda botlarning katta tarmog‘idan foydalangan holda kremlparast dezinformatsion kampaniya belgilarini topdi. «Rossiyaparast, Yevropa Ittifoqiga qarshi va NATOga qarshi bot-tarmoqlar amaldagi prezident Zoran Milanovichni doimiy ravishda maqtab, kuchaytirgani, shu bilan birga, Yevropa Ittifoqiga qarshi va NATOga qarshi xabarlarni tarqatgani aniqlandi», deyiladi Londonda joylashgan CIR hisobotida.
29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda amaldagi davlat rahbari Milanovichga ikkinchi muddatga qayta saylanish uchun 1 foiz ovoz yetmay qoldi. O‘shanda uning eng yaqin raqibi Primorats 19,4 foiz ovoz yig‘di. Birinchi turda jami sakkiz nafar nomzod ishtirok etdi, qolgan olti nafari esa 10 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmadi.
Tadqiqot: Xorvatiyada Rossiya botlari kampaniyasi boshlangan
Xorvatiyalik tadqiqotchilar Axborot barqarorligi markazi (CIR) bilan hamkorlikda Xorvatiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi oldidan katta bot tarmog‘idan foydalangan Kremlparast dezinformatsiya kampaniyasi alomatlarini aniqladi. Bu haqda 9 yanvar kuni CIR hisobotiga tayanib, Politico xabar berdi.
«Rossiyaparast, Yevropa Ittifoqiga qarshi va NATOga qarshi bot-tarmoqlar amaldagi prezident Zoran Milanovichni doimiy ravishda maqtashi, ayni paytda Yevropa Ittifoqiga va NATOga qarshi xabarlarni tarqatgani aniqlandi», — deyiladi hisobotda. Shuningdek, ular Milanovichni qo‘llab-quvvatlovchi kuniga 100 dan ortiq xabarlarni chop etgan «soxta Facebook akkauntlari»dan birining xatti-harakatlari bo‘yicha misol keltirdi.
Londonda joylashgan, dezinformatsion operatsiyalarni fosh etuvchi CIR notijorat tashkiloti hisobotida aytilishicha, Rossiya bot-tarmoqlari 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan mamlakat prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi oldidan Milanovichning reytingini oshirish uchun qattiq ishlay boshlagan. Qayd etilishicha, hisobot xorvatiyalik mustaqil tadqiqotchilar tomonidan CIR bilan hamkorlikda Resilience Network tashabbusi doirasida tayyorlangan.