Xitoy va Hindiston sanksiya ostiga tushgan Rossiya neft tankerlarini qabul qilmadi

Jahon 21:40 / 13.01.2025 3834

Hindiston AQSh tomonidan sanksiyalarga uchragan Rossiya neft tankerlarini o‘z portlarida qabul qilmaydi. Bu haqda Bloomberg Hindistonning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berdi.

Rasmiyga ko‘ra, sanksiyalar ostiga tushgan kemalarga yuk tushirishga ruxsat berilmaydi. Bu 10 yanvargacha ijaraga olingan kemalarga taalluqli emas, ularga 12 martgacha yuk tushirishga ruxsat berilgan. Shunday qilib, sanksiyalarning ta’siri bir necha oy ichida sezilishi mumkin.

Qayd etilishicha, Hindiston banklari xomashyo sanksiya ostidagi kompaniyalardan yetkazilmasligini ta’minlash maqsadida sertifikat talab qiladi. Shu bilan birga, Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftiga chegirmadan mahrum bo‘lishi mumkin.

Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Yaqin Sharqdagi ta’minotchilar bilan yangi shartnomalar bo‘yicha faol muzokara olib bormoqda.

Avvalroq, 2 million barreldan ortiq Rossiya neftini olib ketayotgan uchta tanker Sharqiy Xitoy yaqinidagi dengizda qolib ketgani haqida xabar berildi. 10 yanvar kuni AQSh ularga qarshi sanksiyalar kiritgach, kemalar Xitoy portlariga kiritilmagan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Huihai Pacific tankeri 770 ming barrel, Mermar kemasi 755 ming barrel, Olia kemasi 709 ming barrel neft bilan dengizda qolgan.

Mutaxassislar fikricha, sanksiyalar Rossiya neftining Osiyo mamlakatlariga eksportiga og‘riqli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: