“Oyi, men avariyaga uchradim” – Toshkentda g‘aroyib firibgarlik sodir etildi

Jamiyat 15:04 / 14.01.2025 26769

“Qiz”ning onaga qo‘ng‘irog‘i

2024 yilning 24 iyuni. Soat taxminan 13:00 lar atrofi. Toshkent shahridagi xonadonlardan birining uy telefoni jiringlaydi. Nafaqadagi ayol L.K. go‘shakni ko‘taradi. Qo‘ng‘iroq qilayotgan uning qizi G.M. edi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan ona va yig‘layotgan “qizi” o‘rtasidagi suhbat shunday kechadi:

— “Allo”.

— “Oyi, men avariyaga uchradim. Yosh qizchani urib yubordim. U hozir o‘ta og‘ir ahvolda reanimatsiyada”.

— “Bo‘ldi, bo‘ldi, tinchlanib ol, qizim. O‘zingning ahvoling yaxshimi?”

— “Hammasi yaxshi, men yaxshiman”. 

Ayolning “qizi” baqirib yig‘lar, dodlab bir nimalar derdi. Shoshib qolgan ona esa nima qilishni bilmasdi.

Oradan chamasi 10-15 daqiqa o‘tib, telefon yana jiringlaydi. Bu safar qizi emas, o‘zini prokuratura tergovchi ekanini aytgan “Anna Vladimirovna” ismli ayol rus tilida gap boshlaydi.

Men qizingizga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bilan shug‘ullanaman. U mashinada urib ketgan kichkina qizcha jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda yotibdi. Uni zudlik bilan operatsiya qilish zarur. Ota-onasini tinchlantirish, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon va boshqa harajatlarga tezda 50 ming dollar yetkazishingiz kerak. Tushuning, hammasi tinch o‘tishi uchun qizaloqning ota-onasi va shifokorlarga pul berish kerak”, deydi u.

“Prokuratura tergovchisi” L.K.dan go‘shakni qo‘yib qo‘ymaslikni, agar ishi bo‘lsa shunchaki aloqani saqlab qolgan holda go‘shakni chetga qo‘yib qo‘yishni so‘ragan. Shuningdek, ayolning uyali telefoniga ham muntazam turli xil raqamlardan qo‘ng‘iroq bo‘lib turgan. Bu orqali L.K.ga bog‘lanish mumkin bo‘lgan har ikki telefon band qilib qo‘yilgan.

Taksistga berib yuborilgan 50 ming dollar

“Anna Vladimirovna” L.K.ga jinoyat ishidagi 5 varaqdan iborat arizani so‘zma-so‘z aytib turgan holda yozdirgan. Aslida bu ham jinoiy rejaning ayolni band qilib turish qismi edi. 

So‘ngra “Anna Vladimirovna” ayolga biror sumka olib, qiziga kiyim va choyshab berib yuborishni, ushbu narsalar ichiga 50 ming dollarni o‘rab solib yuborishni, sumkani olish uchun “Azamat” ismli haydovchi borishini aytadi.

L.K. ryukzak topib, uning ichiga 50 ming dollarni choyshabga o‘ragan holda soladi. Uydan chiqayotganida esa qizining qizi, ya’ni o‘qishdan qaytgan nevarasi L.M. kelib qoladi. Nevara bu firibgarlik ekanini aytib, buvisini to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Ammo buvi onasi og‘ir ahvolda ekanini aytgan holda uni itarib tashlab, uydan chiqadi. Bu paytda ayol o‘zini yo‘qotib qo‘ygan va nima qilayotganini bilmasdi.   

Uyning orqa tomonida Spark mashinasi kutib turardi. L.K. mashina haydovchisidan ismini so‘rab, Azamat ekanini bilgach, ryukzakni unga tutqazadi.

Aslida Azamat kirakash edi va u ham telefon orqali buyurtma olgandi. Unga uyning lokatsiyasi tashlab berilgan hamda sumkani boshqa bir manzilga yetkazish aytilgandi.

L.K. pulni berib yuborgach, shu atrofdagi dorixonaga kiradi va qiziga dori-darmon sotib olmoqchi bo‘ladi. Biroq ortidan kelgan nevarasi uni uyga olib ketadi. Biroz muddat o‘tgach esa avariyaga uchraganini aytgan qizi uyga kirib keladi. U hammasidan bexabar edi.

Aslida firibgarlar bu oilani o‘rgangan (yoki ma’lumotlarni kimdir yetkazib bergan) hamda internet brauzeri va shlyuz qurilmalari orqali SIP protokoliga asoslangan virtual aloqa raqamlaridan qo‘ng‘iroq qilgandi.

Oldindan tayyorlangan kurer

1998 yilda tug‘ilgan Sh.S. oliy ma’lumotli bo‘lib, qo‘shma korxonada hisobchi bo‘lib ishlagan. Jinoyat ishida u kurer vazifasini bajargan.

Suddagi ko‘rsatmasida Sh.S. unga topshiriqni kim berganini bilmasligini ma’lum qilgan.

2024 yil taxminan aprel oyida Telegram’dagi guruhlarda qo‘shimcha ish izlab, e’lonlarni kuzatib o‘tirgandim. Shunda bir e’lon shartlari va to‘lov miqdori bilan e’tiborimni tortdi Shu tufayli e’londa ko‘rsatilgan havola orqali bir foydalanuvchiga xabar yozdim. Foydalanuvchi ishning mazmunini tushuntirdi. Unga ko‘ra, menga manzil aytilishi, manzilga borganimda biror shaxs xalta, paket yoki sumka berib yuborishi, uning ichida esa pul bo‘lishi, mazkur pullarni aytilgan hisobraqamga o‘tkazib berishim kerak edi. Har bir buyurtma uchun eng kamida 500 ming so‘mdan boshlab foyda ko‘rishimni aytishgan.

Men ushbu taklifga rozi bo‘lib, ishni boshlashga tayyor ekanimni bildirdim. Foydalanuvchi menga boshqa bir shaxsning akkauntiga havola yubordi va qolganini u tushuntirishini aytdi. Bu “Budu pryamo” nomli akkaunt egasi edi. Unga yozdim”, degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.

2024 yil 24 iyun kuni soat 14:00 larda “Budu pryamo” akkaunti egasi Sh.S.ga xabar yozib, ish borligini aytadi hamda manzilini so‘raydi. Sh.S. unga Telegram orqali o‘zi ishlaydigan tashkilot manzilini jo‘natadi. 

“Oldingga “Yandex taxi” haydovchisi boradi va sumka beradi. Uning ichida pul bor. Pulni sanab, qanchaligini menga aytasan”, deydi noma’lum topshiriq beruvchi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, rostdan ham taksi haydovchisi keladi va unga sumkani beradi. Sh.S. unga yo‘l haqini to‘lab yuboradi. Keyin sumka ochib ko‘radi. Sumkada ayollar kiyimlari, dasturxon, yostiq va uning ichida 1,5 ming dollar va 11,6 mln so‘m pul bor edi. Yigit bu haqda “Budu pryamo” akkaunti egasiga xabar beradi. U yana bir buyurtmani qabul qilib olishi lozimligini ma’lum qilib, taksi havolasini yuboradi.

Ko‘p o‘tmay yana bir taksi keladi va sumka berib ketadi. Sumkada ayollar kiyimi, dasturxonlar va 50 ming dollar borligini ko‘radi.

Noma’lum “ish beruvchi” Sh.S.ga boshqa manzil beradi va o‘sha yerga borib, 50 ming dollarni bir shaxsga berib yuborishini aytadi. “Seni kutayotgan shaxs oq rangli finkada, ko‘k shimda va krossovkada bo‘ladi. Undan “Vovadanmisan?” deya so‘raysan, parol shu”, deydi u.

Sh.S. berilgan manzil bo‘yicha boradi va ta’riflagan shaxsni ko‘radi. “Vovadanmisan?” degan savolga ha degan javobni olgach, 50 ming dollarni unga tutqazadi.

Ikkinchi kurer: asosiy ish 

Sh.S.dan 50 ming dollarni olib qolgan shaxs 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Sh.B. edi. Ammo u ham bu jinoyat ishida asosiy figurant emasdi. Sh.B. ham yollangan va haq evaziga ma’lum bir vazifani bajarib bergandi xolos.

U sudda shunday degan:

2024 yil may oyida Telegram’dagi akkauntimni kimdir ish e’lonlari guruhiga qo‘shib qo‘yganini bilib qoldim. Shu kun guruhda “Vladimir” ismli foydalanuvchi ish borligi to‘g‘risida e’lon qoldirdi.

E’longa qiziqib, “Vladimir”ga yozdim. U menga birjada ish qilishini, bir shaxsdan pul mablag‘larini olib, ularni aytilgan hisobraqamlarga o‘tkazish yoki boshqa bir shaxsga yetkazib berish lozimligini tushuntirdi. Xizmatim evaziga esa har bir buyurtmadan 5 foiz ish haqi olishimni aytdi. Taklifga rozi bo‘ldim.

2024 yil 24 iyun kuni soat taxminan 17:00 larda “Vladimir” menga xabar yozib, buyurtma borligini, o‘zim turgan joy manzilini yuborishni, menga bir shaxs 50 ming dollar pul olib kelishini aytdi. Ushbu pulni aytilgan hisobraqamlarga o‘tkazib yuborishim kerak edi. Oldimga keladigan shaxs oq rangli finkada, krossovkada va ko‘k shimda bo‘lishini bildirdi.

Biroz o‘tib oldimga taksida ta’riflangan shaxs keldi va paketda pul berdi. Sanab ko‘rsam 49,1 ming dollar ekan. Buni “Vladimir”ga aytganimda u 900 dollarni pulni olib kelgan shaxs xizmat haqiga olib qolganini aytdi”.

Shundan so‘ng “Vladimir” Sh.B.ga plastik karta raqamlarini yuborgan hamda ularning har biriga qancha miqdordan pul o‘tkazishni aytib turgan. Bu asosan bank kartasini tushirib qoldirgan yoki yo‘qotib qo‘ygan shaxslarga tegishli plastik kartalar bo‘lgan.

Sh.B. xizmat haqi uchun o‘ziga 1,5 ming dollar olib qolgan. Qolgan pulni esa bozorda “valyutchik”lardan so‘mga almashtirgan. So‘ngra Chorsu bozori oldida PayNet shoxobchasi orqali “Vladimir” aytgan plastik kartalarga o‘tkazib yuborgan.

Jazo

Mazkur jinoyat ishiga doir sud hukmida uni tashkillashtirgan asosiy figurantlar haqida so‘z yo‘q. Katta ehtimol bilan bu ish chet elda bo‘lgan jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilgan. Sababi, ayolga qo‘ng‘iroq qilgan va kurerlarni jalb etganlar asosan rus tilida muloqotga kirishgan. O‘zbekiston fuqarolari nomidagi bank kartalariga o‘tkazilgan pullar esa turli yo‘llar bilan chet davlatga “tortib olingan” bo‘lishi mumkin.

Sud hukmida keltirilishicha, jinoyat ishi doirasida faqat ikki kurer – Sh.S. va Sh.B.ga jazo qo‘llangan. Ular Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Yigitlarga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 2,5 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Shuningdek, ish bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash maqsadida topshirilgan (kim tomonidan topshirilganiga aniqlik kiritilmagan), Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limi depozit hisobraqamida saqlangan 285 mln so‘m hamda 23,5 ming dollar, Toshkent shahar IIBB Moliya bo‘limiga topshirilgan 1,5 ming dollar, ashyoviy dalil sifatida Sh.S.dan olingan 13 mln so‘m va 1,8 ming dollar, Sh.B.dan olingan 550 ming so‘m pul mablag‘lari jabrlanuvchi G.M.ga qaytarilishi belgilangan. 

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: