O‘zbekistonda yil davomida ma’muriy qamoqqa olinganlar soni 80 mingdan ko‘proq va bu raqamlar oshib bormoqda. Kun.uz sudya va huquq faollari bilan ma’muriy huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash, sudlarga bosim, «navbatchi» moddalar va adolat haqida intervyu tashkil qildi.
Kun.uz dolzarb mavzu yuzasidan JIB Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov va advokat Abdumalik Abdullayev ishtirokida intervyu tashkil qildi. Intervyuga, shuningdek Ichki ishlar vazirligidan ham vakil chaqirilgan edi, lekin vazirlik mutaxassis ajratolmasligini ma’lum qildi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda 35 mingdan ortiq, 2023 yilda 80 mingdan ortiq kishiga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan. 2024 yilning birinchi yarmida bu raqamlar 45 mingdan oshgan. Afsuski, bu turdagi jazoni qo‘llash hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Faollar va jamoatchilik nazdida ma’muriy qamoq jazosi ko‘p hollarda kuchishlatar tuzilmalar uchun berilgan vaqtdan foydalanib qolish uchun imkoniyat.
Huquq faollariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda «mayda bezorilik» hamda «ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik» moddasi bilan fuqarolarga ma’muriy qamoq jazosi berish kuchayib bormoqda. Sud vakili esa o‘z tajribasida «jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish» moddasida sodir qilingan huquqbuzarlikni qayta sodir qilish oqibatida ma’muriy qamoqqa olinayotganlar ko‘pligini ma’lum qildi. Shuningdek, Sarvar Mamadiyevga ko‘ra Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerak.
– Kodeksda biror bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun jazo sifatida qamoq muddati «15 sutkagacha», deb belgilangan bo‘lsa, uni aniq belgilashda sudya nimaga e’tibor beradi? Bunda sudyaga tashqi ta’sirlar bo‘lishi mumkinmi?
Sarvar Mamadiyev, JIB Chilonzor tumani sudi sudyasi:
– Sudyalar e’tibor beradigan narsalar shuki, qonunlardan chiqib keta olishmaydi. Sud hujjatiga qo‘yilgan talab uchta: sud qarori qonuniy, adolatli va asoslangan bo‘lishi kerak. Qonuniylik shundaki, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan va kodeksga manba bo‘lgan hujjatlardan ham chiqib ketmasligimiz kerak. Asoslanganlik ma’nosida har bir qaror dalillar bilan isbotlanishi kerak; harakatlar yoki g‘ayri ijtimoiylikni tasdiqlovchi haqiqiy ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Hukmingiz yoki qaroringiz asosli bo‘lishi kerak. Adolatlilikning qat’iy mezonlari belgilanmagan. Jazo – jarimadan boshlab o‘n besh sutkagacha uning qilmishidan og‘ir bo‘lmasligi, kerak deyilyapti. Uni qaysi holatda jarimaga, qaysi holatda ma’muriy qamoqqa olish mumkinligini qilmishga bo‘lgan munosabatidan, ya’ni agar bu qilmish tasdiqlanyapti, haqiqiy ma’lumotlar va dalillar mavjud bo‘lsa, unda pushaymonlik bormi-yo‘qmi, aybini sezyaptimi yoki qilmishi unga ta’sir qilmayaptimi? Uning ijtimoiy holati ham tekshiriladi. Shulardan kelib chiqib, sudya o‘z ichki ishonchiga asoslangan holda jazo belgilaydi. Qonunda qat’iy mezon belgilanmagan, har bir holat individual ravishda ko‘rib chiqiladi va sudya qaror qabul qiladi.
Sudyaga davlat organlarining ta’siri yo‘q. Faqat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda qamoqqa olish bo‘yicha iltimosnoma shaklida keladi. Lekin ma’muriy huquqbuzarlikda aniq jazoni so‘rab hujjat kiritilmaydi. Bosim yoki boshqacha holatlarda «so‘rash» bo‘lishi mumkin, lekin bunday holatlarda sudyaning o‘zi qarorni imzolaydi va o‘zi javob beradi. Bosim bo‘lganda ham kimdir kelib sizga miltiq tiramaydi, «qamasang/qamamasang otib tashlayman» demaydi. Bu sudyaning adolati, shaxsiyati va qasamyodiga sodiq qolishiga bog‘liq.
Abdumalik Abdullayev, advokat:
– Endi amaliyotdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bosim yo‘q deb biz ayta olmaymiz. Bir necha huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha qatnashganimizda mayda bezorilik yoki boshqa moddalar bilan ayblanib qo‘lga olinganlarga hali sud bo‘lmasdan hozir senga 10 yoki 15 sutka berishadi, deyilgan bo‘ladi. Ko‘p hollarda sudning qarori bilan shu aytilgan gaplar hamohang kelmoqda. Shuning uchun biz bosim yo‘q, deb ayta olmaymiz, inkor qila olmaymiz. Shuning uchun amaliyotda bu huquqbuzarliklar uchun o‘n besh sutka – qaysidir organning manfaatiga, ya’ni u ishini bajarishda qaysidir holatlarda qo‘l kelyapti.
Abdurahmon Tashanov, inson huquqlari faoli:
– Sudyalardan tayanch nuqtasini qochirib, ularni bo‘ynidan qandaydir bir mas’uliyatni olish kerak emas. Ya’ni sudya shaxs sifatida, davlat hokimiyati bo‘lagi sifatida o‘zining pozitsiyasiga doimo ega bo‘lishi kerak. Haqiqat va adolat bu shunchaki oson ro‘yobga chiqadigan narsa emas. Ya’ni sizni kelib otib tashlamasliklari yoki sizni qamamasliklari mumkin va ayni paytda shunday qilishlari ham mumkin.
Lekin sudya, masalan, shaxs sifatida o‘zining pozitsiyasiga ega bo‘lib, o‘zining mavqe darajasida, uni qonunga ishonish, siyosatga ishonish nuqtayi nazaridan harakat qiladigan bo‘lsa va albatta natijaga erishadi. Mana, o‘tgan kuni tarmoqlarda o‘sha G‘ayrat Do‘stovni birinchi instansiya sudida qamagan sudyaning bitta ishini tahlil qildik. Sudya xonim bir shaxsga 18 yil mahrum qilish jazosini beryapti bir shaxsga nisbatan, bir yildan keyin shaxs oqlanyapti. Agar shu holat, masalan, Jinoyat kodeksi yoki qonunchiligimizga ko‘ra ta’qib qilinmaydigan bo‘lsa, sudyaga nisbatan bu rag‘bat bo‘ladi. Endi, masalan, ikkinchi tomonni olamiz: og‘ir zamon edi, unday edi, sudyaga aytilsa, uni qilardi, lekin sudyada o‘sha sudya bo‘lib ishlamaslik xohishi bor edi. «Men ketaman bu ishdan, kerak emas menga, bunaqa soxta ishga men birovni o‘n sakkiz yillik umriga zomin bo‘lolmayman», deyishi mumkin edi. Demak, o‘sha irodasizligi uchun nima qilish kerak – jazolanish kerak. Mana, endi o‘sha sudya Do‘stov ishida hukumatga ishonchini sindirishga o‘xshagan ishni boshlab berdi. Sudya mas’uliyati, o‘zining kasbining ahamiyati va odamlar taqdirini tushunish kerak.
Yana bir narsa, hozirgi boshqaruv siyosatida, hozirgi uslublarida hech kimni rozi qilolmaysiz. Sudyalar ham jabrlanadi, jurnalist-blogerlar ham, Do‘stovga o‘xshagan fuqarolar ham jabrlanadi. Shuning uchun bu yerda ko‘proq aql markazlari bo‘lib, jamiyatning mana shunday zo‘riqayotgan tomonlarini tepaga chiqarish kerak. Bizning prezident bilan oramiz juda ham uzayib ketdi, oraga xar xil idora va tashkilotlar kirib oldi va vaziyatni shu ahvolga olib kelib qo‘ydi.
Abdumalik Abdullayev:
– U yerda bitta narsani ham e’tiborga olish kerak: sud o‘z qarori keyinchalik o‘zgarsa yoki bekor bo‘lsa, qonunda yozilgan himoya, ya’ni javobgarlikka tortilmasligi bor. Lekin shu yerda nozik joyi bor-da, ya’ni sudyani haqiqatan ham vijdoniga xilof qaror chiqarganligi masalasida buni isbotlash og‘ir bo‘lib qolyapti.
Masalan, yaqqol ko‘ringan, ochiq holatlardan ham adolatli qaror bo‘lmaydi-da, «endi yuqori instansiyaga bir yozib ko‘rarsizlar», deydi. Qaror yoki hukm o‘zgarsa, bekor bo‘lsa, meni javobgarligim ko‘rilmaydi, degan kayfiyat trendga kirib qolyapti. Sudyada bunday kayfiyat bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun mana shu nozik masalada chegarani belgilash, chegara chizib berilishi kerak. Sudning qarorini o‘qisak, vijdonan, ilm bilan o‘qiylik.
Bu yerda shovqin degan narsa ham bor, ya’ni jamoatchilikning shovqini yoki davlat boshqaruvidagi qaysidir tarmoqlardagi shovqinlar ham sud qarorini chiqarishga ta’sir qilmoqda, u bosim bo‘lyapti. Misol olganda, hozir, biz o‘n besh sutkaga bermasak yoki o‘n sutkaga bermasak, boshqa fuqarolar yana xuddi shunaqa holat qilishi mumkin degan bir kayfiyat saqlanib qolmoqda. Biz shovqinga berilmasligimiz kerak, shovqin ta’siriga tushib qolmasligimiz kerak. Muayyan keysmi, shu keys doirasida tahlilni zo‘r qilib, barcha yondashuvlarimiz qonun doirasida, huquqbuzarning shaxsiga, aybdorlik darajasiga, ushbu javobgarlikning jazoni yengillashtiruvchi holatlar va og‘irlashtiruvchi holatlariga mutanosib bo‘lishi kerak.
To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.