2025 yil 1 yanvardan umumta’lim maktablaridagi ona tili va adabiyot, tarix fanlaridan dars beruvchi va milliy sertifikati bo‘lgan o‘qituvchilarga ularning ta’rif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadigan bo‘ldi. Bu haqda prezidentning 2024 yil 21 fevraldagi farmoni e’lon qilingandi. Tartib kuchga kirish arafasida rus sinflari uchun o‘zbek tilidan dars beruvchi o‘qituvchilar orasida norozilik paydo bo‘ldi. Ularning bir guruhi Kun.uz’ga ham murojaat yo‘llagan. Unda o‘zbek tili o‘qituvchilariga ham 50 foizlik ustama joriy qilinishi so‘ralgan. Bunga asos qilib o‘zbek tili o‘qituvchilarida ham milliy sertifikat borligi va ular ham o‘quvchilarga davlat tilini o‘rgatayotgani aytilgan. Ularning ayrimlari quyidagicha:
– Davlat tili uchun alohida milliy sertifikat yo‘q. Ular ham ona tili o‘qituvchilari bilan birga kirib ular yechgan testni bajarib chiqyapti, aslida bu ish ular uchun qiyin. Ona tili va adabiyot fani alohida, o‘zbek tili alohida deb qaraladigan bo‘lsa, nega shu paytgacha ona tili va adabiyoti qatori ularga ham 20 foiz ustama bir xil to‘lab kelindi?
– Biz ham davlat tili rivoji uchun hissa qo‘shyapmiz-ku. Bizning fandan alohida soddalashtirilgan milliy sertifikat imtihoni yo‘q, barchasi umumiy. Imtihon topshirayotganimizda bizni ikkiga ajratishmadi. Bularga osonroq savol tuzaylik, bular mumtoz adabiyotdan dars bermaydi, faqat grammatika o‘tishadi deyilmadi. Nega endi to‘lashga kelganda do‘ppilari torlik qilyapti?! Nega o‘qituvchining ming mashaqqat bilan topgan halol puli ko‘zlariga ko‘p ko‘rinaveradi?
– O‘zbek tilining maqomini shu yurtda yashovchi boshqa millat va elatlar orasida oshirsakkina, ularda millat va davlatga nisbatan hurmat uyg‘onadi. Chunki millatga bo‘lgan hurmatning ilk belgisi ularning tilida so‘zlashdir. Bu yo‘lda o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining mehnati ayniqsa muhim. Boshqa millat vakillari davlat tilida gapirishni, yozishni, o‘qishni, aynan o‘zbek tili darslari orqali o‘rganishadi. O‘zbek tili ustozlarining mehnati munosib baholanmay, ularni ayirib, milliy sertifikatga past foiz berilishi bu to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z tiliga, qadriyatlariga behurmatlik deb hisoblayman.
Bu tartib nega o‘zbek tili o‘qituvchilariga amal qilmasligi tushunarsiz ekaniga ona tili o‘qituvchisi, ta’lim bo‘yicha mutaxassis Shokir Tursun ham e’tibor qaratgan.
“Ochig‘i, men buning sababini umuman tushunmadim. Prezident qarorining maqsadi o‘zbek tili obro‘yini oshirish edi. O‘zbek tili fani boshqa tilli fuqarolar orasida o‘zbek tilini yoyishning eng oson usuli hisoblanadi. Ularga ustama to‘lanmasligini tushunishim qiyin kechmoqda. Tushuna olmayapman. Adashmasam, o‘zbek tilidan dars beradiganlar ham ona tili va adabiyotdan dars beradigan o‘qituvchi topshiradigan imtihonni topshiradi”, – deb yozgan u.
Tilshunos Orif Tolib sertifikat o‘zbek tili uchun ham qabul qilinishi yoki sohaviy farqlari ko‘p deyilsa, o‘zbek tili faniga mos milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilishi va u ustamaga asos bo‘lishi kerakligini taklif qilgan.
“Biladiganlardan so‘rab-surishtirsam, ustama to‘lanmasligiga ikkisining alohida fan ekani sabab ekan. Xuddi fizika sertifikati bilan matematika uchun ustama olinmasligi kabi. To‘g‘ri, bu ikkisi – alohida fan. Lekin matematika va fizikaga solishtirish juda o‘rinli emas. Ona tili va o‘zbek tili bir-biriga juda yaqin”, – degan tilshunos.
Kun.uz holat bo‘yicha qo‘shimcha izoh olish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik bu prezident farmonida belgilab qo‘yilgani, ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tili (davlat tili) fanidan dars berayotgan va tegishli milliy sertifikatga ega pedagoglar 20 foizlik ustama olishda davom etishini ma’lum qilish bilan cheklandi.
Ma’lumot uchun, vazirlikning rasmiy kanalida tartibga oid qo‘shimcha tushuntirish berilgan. Unga ko‘ra, ona tili va adabiyoti fani uchun berilayotgan yangi ustama miqdori ta’lim ma’lum bir tilda olib borilayotgan va shu tilni ona tili va adabiyoti fani sifatida o‘tayotgan pedagoglarga nisbatan tatbiq etiladi. Ya’ni:
➖ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan maktablarda ona tili sifatida o‘zbek tili va adabiyoti fanidan;
➖ta’lim rus tilida olib borilayotgan maktablarda ona tili sifatida rus tili va adabiyoti fanidan;
➖ta’lim qoraqalpoq tilida olib borilayotgan maktablarda ona tili sifatida qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan dars berayotgan o‘qituvchilarga amal qiladi.
Shu o‘rinda yana bir muhim eslatma: 50 foizlik ustama milliy sertifikatga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga ham ona tili va adabiyotidan boshlang‘ichlarda dars o‘tgani uchun ham to‘lanadi. Bunda:
– ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga o‘zbek tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili va adabiyot faniga;
– ta’lim tili rus tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga rus tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (rus tili) va adabiyoti faniga;
– ta’lim tili qoraqalpoq tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga qoraqalpoq tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (qoraqalpoq tili) va adabiyoti faniga tegishli dars soatlari uchun ustama to‘lanadi.
Shuningdek, boshlang‘ich ta’limda ona tili bo‘yicha dars beruvchi ustozlarga sinflar kesimida quyidagi fan soatlari uchun 50 foiz miqdorida ustama to‘lanadi:
1-sinfda o‘quv yilining 1-2-choraklarida 4 soat “Alifbe”, 4 soat “Yozuv”, 3-4-choraklarida 4 soat “Ona tili”, 4 soat “O‘qish savodxonligi” fani;
2-4-sinflarda 4 soatdan “Ona tili”, 3 soatdan “O‘qish savodxonligi” fani.