Los-Anjeles nega yonmoqda?

Jahon 15:04 18277

Kaliforniya janubining kattagina qismi, jumladan 13 million aholi yashovchi Los-Anjeles aglomeratsiyasi 7 yanvardan buyon yong‘inlar ichida qoldi. Hozirga qadar 16 nafar qurbon haqida ma’lum, evakuatsiya zonasi 180 ming kishini qamrab olgan, 12 mingdan ortiq uy vayron bo‘lgan. Bir qancha nufuzli mahallalar, jumladan qator taniqli shaxslarning uylari yonib ketgan. Olov Hollivud tepaliklariga qadar yetib borib Los-Anjelesning asosiy diqqatga sazovor maskanlari — Hollywood belgisi, Sanset va Shon-shuhrat xiyoboni bulvarlariga tahdid solmoqda. Kaliforniyadagi yong‘inlar — kamyob hodisa emas, ammo ko‘p yillardan buyon bu qadar vayronkor bo‘lmagandi. Bir necha omil bir vaqtga to‘g‘ri kelishi — «ideal bo‘ron»ga sabab bo‘lgan.

Qurg‘oqchilik

Umuman olganda, Kaliforniyada yanvar oyi yomg‘irlar mavsumi hisoblanadi. Ammo bu yerga 2024 yil bahoridan buyon yomg‘ir tushmagan. 

Odatiy mavsumiylikning buzilishi — iqlim o‘zgarishi oqibatidir, deyiladi amerikalik iqlimshunoslar guruhining 9 yanvar kuni nufuzli Nature ilmiy jurnalida chiqqan maqolasida. Kaliforniyada so‘nggi o‘n yillikda buyon quruq ob-havo hukm surmoqda. 2022 va 2023 yillarda esa juda ko‘p yomg‘ir yog‘gan. Bu esa o‘t-o‘lan, butalar va daraxtlar gurkirab o‘sishiga yo‘l ochgan. Keyin esa 2024 yil quruq kechdi — barcha o‘simliklar tezlik bilan qurib qolgan va yong‘inlar uchun ideal yonilg‘iga aylangan.

Shamol

2025 yil yanvarida alohida tabiat hodisasi — Santa-Ana shamoli esdi. Bu katabatik yoki qulovchi shamol deb ataladi: u qit’a ichkarisidagi baland tog‘lardan vodiy tomon tushib keladi va issiq quruq havo bilan birgalikda sahro changlarini ham o‘zi bilan olib yuradi. 

Santa-Ana shamoli dekabr va yanvar oylarida esishi — o‘rmon yong‘inlarini qo‘zg‘atishi kabi kamdan kam uchraydigan holatdir. Bu safar u ayniqsa kuchli bo‘lib chiqdi — ayrim joylarda soniyasiga 45 metr tezlikda harakatlandi (bu Amerika Milliy bo‘ronlar markazi tasnifiga ko‘ra, besh toifadagi dovullarning ikkinchisiga to‘g‘ri keladi). 

Shamol hamon tingani yo‘q va bu yong‘in o‘choqlarini jilovlashni sezilarli darajada murakkablashtirmoqda.

O‘t o‘chirish xizmatining muvaffaqiyatsizligi

Los-Anjeles o‘t o‘chiruvchilari favqulodda vaziyatga tayyor bo‘lmagani siyosiy spekulyatsiya mavzusiga ham aylandi. Shunchalikki, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ro‘y bergan hodisalarda ishchilar kollektivida ijtimoiy xilma-xillikni ta’minlashga qaratilgan kadrlar siyosatini aybladi. Uning fikricha, go‘yoki eng malakali odamlar o‘rniga ular kvota bo‘yicha turli irqiy, jinsiy va gender mansublik bo‘yicha yollashgan — yakunda ishlaydigan odam topilmagan.

Bundan tashqari, ko‘pchilik— bu faqatgina Trampning tarafdorlari bilan cheklanmaydi — Los-Anjeles meri Karen Bassni shahar yong‘inga qarshi kurash departamenti budjetini 23 million dollarga qisqartirgani uchun qattiq tanqid qilishmoqda.

Bu esa adolatdan emas. 2024 yil iyunida, budjet tasdiqlanganida, meriya hali o‘t o‘chiruvchilarning kasaba uyushmalari bilan maoshlarni oshirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlamagandi. Keyinroq, noyabr oyida, departament zaxira fondidan qo‘shimcha mablag‘ oladi, yakunda uning 2025 yil uchun budjeti bir yil oldingiga qaraganda 53 million dollar bo‘ladi.

Bu baribir yetarli bo‘lmagani va yetarli bo‘lishi mumkin emasligi esa boshqa ish. Departament rahbari Kristin Krouli so‘nggi oylar mobaynida, uzoq davom etgan qurg‘oqchilikdan keyin yong‘inlar chiqishini taxmin qilib, merga o‘z idorasidagi og‘ir holat bayon etilgan eslatmalarni yuborgan. Uning xodimlari va moddiy ta’minot ro‘yxati (o‘t o‘chirish stansiyalari ham) 1960 yillardan buyon deyarli o‘zgarmagandi, holbuki o‘tgan vaqt davomida Los-Anjeles aholisi millionlab kishiga ko‘paydi, chaqiruvlar miqdori esa besh baravar oshgan. O‘t o‘chiruvchilarga vaziyatni tuzatish uchun nafaqat mablag‘, balki vaqt ham kerak bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: