Tadqiqot: Xorvatiyada Rossiya botlari kampaniyasi boshlangan

Jahon 12:32 909

Xorvatiyalik tadqiqotchilar Axborot barqarorligi markazi (CIR) bilan hamkorlikda Xorvatiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi oldidan katta bot tarmog‘idan foydalangan Kremlparast dezinformatsiya kampaniyasi alomatlarini aniqladi. Bu haqda 9 yanvar, payshanba kuni CIR hisobotiga tayanib, Politico xabar berdi.

«Rossiyaparast, Yevropa Ittifoqiga qarshi va NATOga qarshi bot-tarmoqlar amaldagi prezident Zoran Milanovichni doimiy ravishda maqtashi, ayni paytda Yevropa Ittifoqiga va NATOga qarshi xabarlarni tarqatgani aniqlandi», — deyiladi hisobotda. Shuningdek, ular Milanovichni qo‘llab-quvvatlovchi kuniga 100 dan ortiq xabarlarni chop etgan «soxta Facebook akkauntlari»dan birining xatti-harakatlari bo‘yicha misol keltirdi.

Londonda joylashgan, dezinformatsion operatsiyalarni fosh etuvchi CIR notijorat tashkiloti hisobotida aytilishicha, Rossiya bot-tarmoqlari 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan mamlakat prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi oldidan Milanovichning reytingini oshirish uchun qattiq ishlay boshlagan. Qayd etilishicha, hisobot xorvatiyalik mustaqil tadqiqotchilar tomonidan CIR bilan hamkorlikda Resilience Network tashabbusi doirasida tayyorlangan.

Xorvatiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi

Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich raqiblaridan sezilarli ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatdagi saylovlarning birinchi bosqichida g‘alaba qozona olmadi. Xorvatiya davlat saylov komissiyasi 30 dekabrga o‘tar kechasi e’lon qilgan natijalarga ko‘ra, Milanovich 49,09 foiz ovoz oldi.

Xorvatiyada prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan minimal miqdor 50 foizdan ortiq ovozdir. Mamlakatda prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, u 12 yanvarga belgilangan.

Milanovichning eng yaqin raqibi Dragan Primorakni saylovchilarning 19,35 foizi qo‘llab-quvvatladi. Primorak saylovning ikkinchi bosqichida amaldagi prezidentning raqibiga aylanadi. Xorvatiyadagi prezidentlik saylovlarida boshqa nomzodlar – jami sakkiz kishi qatnashdi – 10 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmagan.

Saylov natijalari tahlilchilar uchun ajablanarli bo‘lmadi – ular avvalroq ham Milanovichning yetakchiligini, ham prezident 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda to‘laqonli g‘alaba qozona olmasligini bashorat qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: