Jud Lou Putinning siyosiy faoliyati boshidagi rolini ijro etadi

Jahon 14:14 2328

Britaniyalik aktyor Jud Lou fransuz rejissyori Olive Assayasning «Kreml sehrgari» filmida Vladimir Putin rolini ijro etadi. Louning ushbu filmdagi ishtiroki avvalroq ma’lum bo‘lgan, biroq u 9 yanvar, payshanba kuni chop etilgan Amerikaning Deadline nashriga bergan intervyusida o‘z personajini ma’lum qildi.

Assayasning filmi italyan yozuvchisi Juliano da Empolining 2022 yilda chop etilgan xuddi shu nomdagi kitobi asosida suratga olinyapti. Siyosiy triller voqeasi 1990-yillarda Rossiyada bo‘lib o‘tadi va o‘ylab topilgan qahramon, teleprodyuser Vadim Baranov haqida hikoya qiladi. U hali prezident bo‘lmagan Vladimir Putinning siyosiy texnologiga aylanadi.

Lou bilan kartinada Pol Dano, Alisiya Vikander va Zak Galifianakis birga rol ijro etadi, ularning qahramonlarining ismlari oshkor etilmagan. Film haqida 2024 yil boshida e’lon qilingan, ammo uning chiqish sanasi haqida ma’lumot yo‘q. Louning so‘zlariga ko‘ra, u hali rol ustida ishlashni boshlamagan: "Ya’ni, men boshladim, lekin hozir bu xuddi Everestga ko‘tarilishdek gap".

Kremlning tashviqot bo‘yicha «sehrgari»

Vadim Baranovning film va kitobdagi prototipi Putinga yaqin bo‘lgan rasmiy Vladislav Surkov hisoblanadi. Faoliyatining boshida Surkov reklama bilan shug‘ullangan, ammo 1992 yil mart oyida u jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha hukumat apparatining maslahatchisi bo‘ldi. 1999 yilda Surkov Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi va Putin davlat rahbari lavozimiga kirishgach, u o‘zining shaxsiy yordamchilari qatoridan joy oldi.

Boshqa narsalar qatorida, Surkov «Yagona Rossiya» partiyasi va 2011-2013 yillarda Rossiya Federatsiyasida norozilik namoyishlari to‘lqinining oldini olishga harakat qilgan kremlparast «Nashi» Rossiya yoshlari harakatini yaratishda ishtirok etgani bilan mashhur. Uning familiyasi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining siyosiy hayotidagi taniqli ibora, «Surkov propagandasi» bilan bog‘liq.

Ukraina Bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yil oxiri — 2014 yil boshida mamlakatda Yevromaydan deb nomlangan davrda Surkov bir necha bor Kiyevga tashrif buyurgan, u yerda keyinchalik Rossiya Federatsiyasiga qochib ketgan Viktor Yanukovich bilan uchrashgan va Kreml uchun norozilik aksiyalarini tashkil etish haqida ma’lumot to‘plagan. 

2014 yildan beri Vladislav Surkov AQSh va boshqa bir qator G‘arb davlatlari tomonidan sanksiyalar ostida.

Ko‘proq yangiliklar: