Samarqandda oltin kovlashga chiqqan 2 fuqaro vafot etdi

O‘zbekiston 16:58 5563

2025 yil 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi «Nayman cho‘qqi» hududida oltin rudasini qazib olish uchun kelgan yigitlar bilan fojia yuz berdi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, fuqarolar fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan noqonuniy ravishda oltin rudasini qazib olish bilan shug‘ullangan. Ulardan 2 nafar yigit qo‘lda kovlangan chuqurda vafot etgan. Ular chuqurda to‘plangan chiqindi gazidan zaharlangan bo‘lishi mumkin. Vafot etganlardan biri 30 yoshda, yana bir 20 yoshda bo‘lgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 9 yanvar kuni soat 20:00 larda 5 nafar fuqaro «Qoraqo‘ton» tog‘ koniga qarashli, mahalliy til bilan «Nayman cho‘qqi» deb nomlangan shaxtaga tushgan. Ular generator va boshqa uskunalar yordamida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni kovlab olayotgan vaqtida generatordan chiqqan is gazidan zaharlangan.

«Oqibatda, fuqaro J.S. va O‘.E. shaxta ichi pastki qismiga yiqilib, shaxta devori toshlariga urilib, voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yana 3 nafar fuqaro is gazidan zaharlanish bilan 10 yanvar kuni soat 03:30 larda tuman markaziy shifoxonasiga keltirilgan», — deyiladi ma’lumotnomada.

Hozirda 2 nafar marhumning o‘limi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan Paxtachi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: