2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, hududlarda jamoat transporti tizimi rivojlantiriladi.
Hududlarda 16 ta avtovokzal va avtostansiyalar qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Bunda, hududlarda jamoat transportining 50 ta yangi yo‘nalishlar tarmog‘i tashkil etiladi. Hududlarda jamoat transportida elektron to‘lovlar jozibadorligi oshiriladi va elektron to‘lovlar ulushi o‘rtacha 30 foizga yetkaziladi (hozir 15 foiz). Hududlarda jamoat transporti uchun yangi zamonaviy jami 700 ta avtobus xarid qilinadi. Hududlarda 743 ta oraliq bekatlari quriladi va rekonstruksiya qilish ishlari tashkillashtiriladi. Avtobuslar harakatiga ustuvorlik berish maqsadida hududlarda jamoat transporti uchun alohida avtobus yo‘laklari 150 kmga yetkaziladi.
Toshkent shahri jamoat transporti tizimini rivojlantirish mo‘ljallanmoqda.
Toshkent shahridagi avtobus yo‘nalishlaridagi mavjud bekatlar ro‘yxati shakllantiriladi. Toshkent shahri avtobus yo‘nalishlarining bekatlari naqd pullarni qabul qiluvchi bir martalik elektron chipta sotishning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan infokiosklar bilan jihozlanadi. Brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan yo‘nalishlardagi barcha avtobuslar QR chiptalarni qabul qiluvchi QR reader qurilmalari bilan jihozlanadi. Bekatlarga naqd pullarni qabul qiluvchi bir martalik elektron chipta sotishning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan infokiosklar o‘rnatilganligi yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etiladi.