Donald Tramp Kanadani AQShga 51-shtat sifatida qo‘shib olish haqida gapirarkan, iste’foga chiqqan bosh vazir Tryudo hech qachon bunday bo‘lmasligini yozdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Kanada konservativ partiyasi a’zosi – Obidxon Mamadaliyev fikricha, davlatda Trampning gapini hech kim jiddiy qabul qilmagan.
Nega Tryudo iste’fo berdi?
Kanadaning 2015 yildan beri bosh vaziri bo‘lib kelayotgan Tryudo iste’fo berdi. U liberallar o‘ziga yangi rahbar topib, saylov o‘tgunicha lavozimida qoladi. Gubernatordan esa liberallar o‘ziga yangi lider topmagunicha parlament faoliyatini to‘xtatib turishni so‘radi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Konservativ partiya a’zosi, bugun Albertada yashovchi siyosatchi va biolog Obidxon Mamadaliyev fikricha, Tryudo Kanadada eng yomon ko‘rilgan bosh vazir bo‘ldi. Uning davrida iqtisodimiz orqaga ketdi, deydi Mamadaliyev.
“Tryudo davrida Kanadada yuqori inflatsiya, uy-joy narxlarining oshishi, defitsit kuzatildi. Bundan tashqari, qator korrupsion janjallarga ham guvoh bo‘ldik. Tryudo partiyasi hamkori “Yangi demokratlar” esa yangi yildan avval Kanada xalqi uchun eng yomon ishni qildi, bu 2025 yilning 1 aprelidan e’tiboran soliqlarning sezilarli oshishi bo‘ldi. Ularning bu ishi unutilmaydi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada Konservativ partiyasi a’zosi
Jastin Tryudo ommaga iste’fo xabarini yetkazarkan, Kanada uchun ishlagani hamda o‘z bosh vazirligida xalqni pandemiyadan himoya qilganini aytdi. Ukraina urushi boshlangach esa Kanada bu davlat suvereniteti uchun kurashganini qo‘shimcha qildi. Mamadaliyev fikricha, pandemiya davrida Kanada budjeti pulga to‘la bo‘lgan. Undan boshqa xohlagan hukumat ham xalqni pandemiyadan yaxshiroq himoya qilishi mumkin edi, deydi yurtdoshimiz.
“Ikkinchi saylovda Tryudoning reytingi 30 foiz atrofida edi. O‘shanda AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Kanadaga kelib, u haqida chiqish qildi, saylovchilarni unga ovoz berishga chaqirdi. Shundan so‘ng Tryudoning reytingi 70 foizga ko‘tarildi. Lekin Kanadada saylov taqdirini Kebek va Ontario hal qiladi. Ontarioni oxirgi 40 yilda liberallar boshqargandi. Tryudoning siyosati tufayli bu provinsiya konservatorlar qo‘liga o‘tib ketdi. Tryudoning boshqaruvi urushlar va pandemiyaga to‘g‘ri kelgandir, lekin Kanada boy, iqtisodi qudratli davlat edi. 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozida Kanada inqirozni sezmasdan o‘tib ketgandi. Kovid bo‘yicha esa bosh vazir biror nima qilolgani yo‘q. Ijtimoiy ahvol yomonlashdi, xizmatlar soni kamaydi, narx-navo oshib ketdi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada Konservativ partiyasi a’zosi
Tryudo hukumatdagi tartibsizliklar va unga qarshi kayfiyat kuchaygani fonida iste’fo berdi.
Kanadaliklar AQShga qo‘shilishni istaydimi?
AQShning saylangan prezidenti Kanadani AQShga 51-shtat sifatida qo‘shib olish haqida yozdi. Bosh vazir Tryudo bunday bo‘lmasligini bildirib, javob yozdi. Ilom Mask esa Tryudoni «qiz» deya haqoratladi. Obidxon Mamadaliyev fikricha, oddiy xalqqa qaysi davlat tarkibida bo‘lish qiziq emas, ular hech nimani yo‘qotmaydi. Lekin Kanadada Trampning gapini hech kim jiddiy qabul qilmagan.
“Kanadaning biror bir matbuotida bu gap yo‘q. Hamma gapni MDH regionidagi matbuotdan o‘qiyapman. Tryudoning iste’fosi e’lon qilingan kuni konservativ partiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashganimda, so‘radim, biz AQSh konservativ partiyasiga aylanamizmi? Siyosatchilar kulib yuborishdi. Ya’ni bu Trampning navbatdagi bezoriligi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada konservativ partiyasi a’zosi
AQShning prezidenti nima desa ham, mamlakatning dunyo bilan aloqalariga davlat departamenti javob beradi. Lekin Trampning bu gaplari – diplomatiya va xalqaro huquq normalariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Vaholanki, Rossiya va Ukraina urushi fonida Vashington Ukraina mustaqilligi va suvereniteti himoyachisiga aylangan ekan, Kanadaga nisbatan bunday munosabatni qabul qilib bo‘lmaydi. Lekin siyosiy doiralar ham buni jiddiy qabul qilmagan.
Bu faraz amalga oshishi ham juda qiyin. Ikki davlat birlashuvi uchun katta mablag‘ va xarajat, bundan tashqari, tizimli ishlar talab etiladi. Prezident gapi bilan nimadir bo‘lishiga ishonish qiyin, deydi suhbatdoshimiz.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.