Tanqiddan so‘ng: Navoiyda 167 xonadonli “novostroyka”ni 425 kishiga sotgan quruvchi qamoqqa olindi

O‘zbekiston 15:25 6142

Navoiy shahrida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Bright Industry Buldings The Future” MChJ Mehroj Rahmatov jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024 yil 19 dekbardagi ajrimi bilan qamoqqa olindi. U 18 dekabr kuni protsessual tartibda ushlangan.

Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Mehroj Rahmatov 2017 yil 18 noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Bright Industry Buldings The Future” MChJga rahbarlik qilib kelgan. U Navoiy shahrida qurilayotgan 153 ta xonadon va 14 ta savdo do‘konidan iborat turar joy binosini 425 kishiga sotgan. Ya’ni mijozlardan 258 nafari ortiqcha ekanini va ularga xonadon hamda savdo do‘konlari yetmasligini bilgan holda ushbu fuqarolarga soxta shartnoma hamda qabul qilgan to‘lovlari bo‘yicha kvitansiyalar to‘ldirib bergan. Bu orqali esa ularning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

Tergov hujjatida Mehroj Rahmatov to‘lovlari jamiyatning hisobraqamiga kirim qilingani haqida soxta kvitansiyalar rasmiylashtirib berishi orqali 133 nafar fuqaroning jami 37 mlrd 842 mln so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani keltirilgan. Mehroj Rahmatovning himoyachisi esa yetkazilgan zararning 18 mlrd so‘m qismi qoplanganini, qolgan zararlar bo‘yicha jabrlanuvchilarga xonadonlar berilganini, shuningdek, Rahmatovning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilganini bildirib, unga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llashni so‘ragan.

Mehroj Rahmatovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a” bandida bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga tegishli bo‘lgan 12 ta ko‘chmas mulk, jumladan, bolalar bog‘chasi, beton ishlab chiqarish zavodi, issiqxona, baliqxona binolari, shuningdek, 8 ta transport vositasi xatlangan.

Oldinroq jabrlanuvchilar murojaatiga asosan ushbu holat bo‘yicha surishtiruv qilgan jurnalistni viloyat prokurori xonasiga chaqirib, lavhasini efirga bermaslikni so‘ragani xabar qilingandi. Muxbir buni rad qilgach, viloyat prokurori lavha efirga uzatilsa tergov harakatlariga xalaqit berib qo‘yishi mumkinligi bildirilgan holda “Sevimli” telekanali rahbariyatiga xat kiritgandi.

Mehroj Rahmatov Merey Omonboyeva ishida jabrlanuvchi bo‘lgan. U 2023 yilda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Ko‘proq yangiliklar: