Suriyadagi kutilmagan inqilobdan buyon bir oy o‘tdi. Nimalar o‘zgardi?

Jahon 18:52 5354

2024 yil noyabri oxirida Suriyada muxolifatchilarning qurollangan kuchlari Halabga yurish boshlagandi. Katta ehtimol bilan, ularning o‘zi ham yakunda erishgan natijasini kutmagandi: ikki haftadan kamroq vaqt ichida, 8 dekabrga kelib ular Damashqqa kirishdi, Suriyaning 24 yil boshqargan diktator Bashar Asad esa Rossiyaga qochdi. Bir oy o‘tib ham mamlakat hali inqilob shokidan chiqish holatida. Hokimiyatga kelgan kuchlar mo‘’tadil va tolerant bo‘lishga, fuqarolik urushi qaytadan boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha bilan kelishishga harakat qilmoqda. Hozircha ular buni uddalamoqda, ammo hali ko‘p qiyinchiliklar oldinda. Meduza shu mavzuni tahlil qildi.

Asadni ag‘darishda hal qiluvchi ishni bajargan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbari Ahmad al-Shar’a endi Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusidan voz kechgan. O‘tgan bir oy ichida u qiyofasini tubdan o‘zgartirdi — va bu o‘zini «qaytadan kashf qilish»ning tashqi ifodasi edi.

Bir necha yil oldinroq u salla o‘rashni bas qilgandi — bu uning «Al-Qoida» va umuman jihodchilik bilan aloqalarni uzish ramzi bo‘lgandi. Endi esa militarini pidjakka almashtirdi va hatto galstuk taqib oldi — Yaqin Sharq dunyosida bu dunyoviylikni tan olish ramzidir.

Rasman Shar’a hech qanday lavozimni egallamagan, ammo amalda davlat rahbari hisoblanadi: u eng muhim qarorlarni qabul qiladi va e’lon qiladi, siyosatni yuritadi, Suriya ichkarisidagi muhim kuchlar hamda xorijiy davlatlar bilan muzokaralar olib boradi.

Suriyada keskinlik chiziqlari ko‘p: musulmonlar — xristianlar, sunniylar — alaviylar, turkparast kuchlar — kurdlar, dindorlar — dunyoviylar, jihodchilar — mo‘’tadillar. Bu jamoalardan har birining ortida bir yoki bir necha qurollangan guruh turadi. Bunga suriyaliklar va mamlakatdagi vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqchi bo‘ladigan boshqa davlatlarni qo‘shish mumkin — bu yerda Turkiya ham, Qatar ham, Saudiya Arabistoni ham, Eron ham, va albatta, g‘arb davlatlari ham bor. Shuningdek, suriyaliklar inqilobiy kuchlar saflarida jang qilgan xorijliklar o‘rtasidagi keskinlik — xorijliklar orasida arablar ko‘pchilikni tashkil etadi, ammo Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelganlar ham kam emas.

Shar’aning birinchi galdagi vazifasi — yangi fuqarolik urushi boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ko‘plab guruhlar umumiy dushman — Bashar Asadga qarshi birlashgandi, ammo endi bu omil yo‘q. Shar’a qurolli guruhlarni tarqatib yuborishga va ulardan yagona Suriya armiyasi tuzishga intilmoqda. Guruhlarning ko‘pchiligi bunga rozi — hech bo‘lmaganda og‘izda. Amalda ularning ayrimlari dekabrning katta qismini bir-biri bilan jang qilib o‘tkazdi.

Asad ag‘darilganidan keyingi eng shiddatli to‘qnashuvlar Suriya milliy armiyasi (SNA) va Suriya demokratik kuchlari (SDF) orasida bo‘lib o‘tdi. Bu guruhlardan dastlabkisi — amalda Turkiya ta’siridagi proksi hisoblanadi, ikkinchisi — fuqarolik urushi davrida Suriyaning shimoli-sharqiy qismida o‘z avtonomiyasini tashkil etgan kurdlardir. Bir necha haftalik janglardan keyin kurdlar Frot ortiga surib tashlandi, shundan keyin harbiy harakatlarda tanaffus yuzaga keldi.

Rojdestvo arafasida asosan xristianlar yashovchi Skalbiya shahrida noma’lum shaxslar ko‘chadagi archaga o‘t qo‘yib yubordi. Buning ortidan ko‘plab shaharlarda, jumladan poytaxt Damashqda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ularda nafaqat xristianlar, balki ko‘p konfessiyali Suriyada diniy bag‘rikenglik tarafdori bo‘lgan musulmonlar ham ishtirok etdi. Yangi hukumat vakillari bunga javoban diniy ozchilik vakillari davlat himoyasida bo‘lishini va’da qilishdi.

Shar’a muntazam ravishda turli jamoalar vakillari bilan uchrashmoqda: xristianlar bilan, kurdlar bilan, druzlar bilan. Lekin bu ro‘yxatda alaviylar yo‘q — Asadlar oilasi mansub bo‘lgan va oldingi rejimning tayanchi bo‘lgan jamoa. Alaviylarda endi o‘zining uyushgan harbiy kuchlari yo‘q — bu rolni amalda Asad hukumatidagi Suriya arab armiyasi bajarardi, bu armiya esa oxirgi janglar vaqtida to‘zg‘ib ketdi. Endilikda yangi hukumatning bag‘rikenglik va inklyuzivlik bo‘yicha saxiy va’dalari alaviylarga taalluqli emas, degan xavotirlar yuzaga kelgan.

Muxtasar qilib aytganda, kurdlar yangi hukumat uchun muammo tug‘dira oladi, chunki ular kuchli va yangi davlatga integratsiya bo‘lishi uchun qat’iy shartlarni qo‘yishi tayin (ular Suriya federatsiya bo‘lishini talab qiladi). Alaviylar esa kuchsizligi tufayli ta’qib etiladigan ozchilik bo‘lib qolishi xavfi bor.

Qolaversa, mamlakat sharqidagi sahrolarda hamon IShID bazalari saqlanib qolgan. Bu guruh, albatta, o‘n yil oldingi qudratiga ega emas, ammo hali ham Suriyaning yangi hukumatiga qiyinchiliklar tug‘dira oladi.

Shuningdek, Jo‘lan tepaliklari muammosi ham bor. Asadlar rejimi ag‘darilgach, Suriya qo‘shini u yerni tark etdi. Isroil 1974 yilgi chegara haqidagi kelishuv o‘z kuchini yo‘qotganini aytib, bufer zonani egallab oldi. Bu ham yetmagandek, Jo‘lan tepaliklarining Suriya hududidagi qismida joylashgan druz qishloqlaridan biri dekabr oyida Isroildan o‘zini anneksiya qilishni so‘radi, uning aholisi yangi hukumat tomonidan ta’qibga uchrashidan xavotirga tushgan. Lekin mamlakatdagi barcha druzlar ham bunday fikrda emas.

O‘z navbatida, Shar’a ochiqchasiga hozirda Isroil masalasi kun tartibida emasligini aytgan. U yahudiylar davlati bilan yarasha olmaydi (safdoshlari buni qabul qila olmaydi), ular bilan ochiqdan ochiq to‘qnashuvga ham kirisha olmaydi (Suriyaning harbiy salohiyati amalda to‘liq yo‘q qilingan). Hozircha ikki tomonni ham o‘ziga xos sovuq urush holati qoniqtiradi.

Shar’a tinmasdan, etnik va diniy mansublikdan qat’i nazar «Suriya barcha suriyaliklar uchun» ekanini ta’kidlamoqda. Uning uchun bu birinchi navbatda o‘z kuchini mustahkamlashning bir usuli ekani tushunarli. Bundan tashqari, inklyuzivlik — g‘arb mamlakatlari yangi hukumat oldiga qo‘ygan shartlardan biri. AQSh allaqachon Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatib, har ehtimolga qarshi bu vaqtinchalik (yarim yilga) chora — Shar’a va uning safdoshlari uchun fuqarolik urushining oldini olish va yangi diktaturaga o‘tmaslik uchun imkon ekanini qayd etdi.

Shar’a uchun qo‘shimcha murakkablik shundaki, ko‘plab davlatlar hamon Hshni terrorchilik tashkiloti deb ataydi. AQSh yaqin vaqtlargacha Shar’aning boshi uchun 10 million dollar e’lon qilgandi — davlat kotibi yordamchisi Barbara Lif Damashqda, u Suriya rahbariga aylanganidan keyingi o‘zaro uchrashuvda bunday mukofot bekor qilinganini aytgan.

Yevroittifoq 2012 yildan buyon fuqarolik urushida Asadga qarshi ko‘plab kuchlarning birlashmasi — Suriya inqilobiy va muxolifat kuchlari milliy koalitsiyasini «Suriya xalqi intilishlarining qonuniy vakillari» sifatida tan oladi. Bu diplomatik tan olish hozirda bu tashkilotning yagona aktivi bo‘lib qolmoqda: rasman Suriya boshqaruvidagi o‘tish hukumati — amalda Hshning siyosiy qanoti, koalitsiya esa — o‘tish davri hukumatini qo‘llashini bildirgan guruhlardan biridir.

O‘tish davri hukumatining asosiy maqsadi — yangi konstitutsiyani ishlab chiqish. Hozircha hech kim u qanday bo‘lishini taxmin qilishga ham urinmayapti. Yangi Suriya kuchli prezidentlik respublikasi bo‘ladimi? Bir tomondan, bu davlatni birlashtirish va qonuniy kuch ishlatishda ishonchli monopoliya bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, Asadlarning yarim asrlik rejimi tajribasi suriyaliklar har qanday yakkahokimga shubha bilan qarashiga sabab bo‘ladi. Yangi Suriya federatsiya bo‘ladimi? SDF kurdlar avtonomiyasi saqlanib qolishi uchun shuni talab qilmoqda. Ammo yana muammo bor: qo‘shni Livan va Iroqda bo‘lgani kabi kuchli markaziy hokimiyat yo‘qligida jamoalar orasidagi bo‘linishlar nazoratdan chiqib ketishi mumkin.

Eng asosiy savol esa — yangi davlatda islom dinining ahamiyati qanday bo‘lishidadir. Nima qilganda ham Hsh — sunniy mazhabidagi musulmonlar tashkiloti, uning a’zolaridan ko‘pchiligi (jumladan Shar’a ham) — oldin «Al-Qoida» a’zosi bo‘lgan. Ular «ma’rifatli islom boshqaruvi»ni va’da qilmoqda. Musulmon davlatlarining bir qismida shariat qonunlar asosi deb e’lon qilingan, ammo amalda buni turlicha talqin qilish mumkin — o‘rta asr ko‘rsatmalariga tom ma’noda amal qilishdan (aytaylik, o‘g‘rilik uchun qo‘lni kesish) tortib amalda pragmatik dunyoviy mulohazalar bilan belgilangan sud qarorlarini asoslash uchun ularga rasamadiga havola berishgacha.

Bularning barchasi, aftidan, hozirning o‘zida Shar’aning Suriyadagi turli jamoalar bilan murakkab muzokaralari davomida hal qilinmoqda. Kim kim bilan va nima haqida kelishib olgani esa ko‘pchilik uchun maxfiyligicha qolaveradi. 

Shu bilan birga, o‘tish davri hukumati deyarli har kuni oldingi rejim tomonidan kiritilgan qandaydir cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qilmoqda. Masalan, biznes ochish va eksport-import operatsiyalariga qo‘yilgan taqiqlarni. Suriyada gumanitar falokat yuzaga kelgan, iqtisodiyot bazo‘r ishlamoqda — va yangi hukumat uni liberallashtirish va davlat nazoratini susaytirish metodlari bilan jonlantirishga urinmoqda. Asadlar davridagi monopoliya, byurokratiya va korrupsiyadan keyin bu ko‘pchilikka umid baxsh etmoqda — ammo bu hozircha iqtisodiy siyosat emas, balki inqirozga qarshi shoshilinch choralardir.

Bu davlat boshqaruvining boshqa ko‘plab tarmoqlariga ham taalluqlidir. Umumiy favqulodda vaziyat sharoitida, Suriyadagi eng muhim kuchlar o‘rtasidagi parda ortidagi kelishuvlar maxfiyligi bilan bir qatorda, tashqi kuzatuvchilar yangi hukumat qaysi yo‘nalishlarda harakat qilayotganini alohida epizodlarga asoslangan holda taxmin qilishiga to‘g‘ri keladi.

Masalan, 18 dekabr kuni Hsh vakili Ubayda Arnaut intervyusida ayollar siyosiy lavozimlarni, xususan mudofaa vazirligidagi lavozimlarni egallash uchun «biologik va psixologik jihatdan yaramasligi»ni aytdi. Boshqa idoralar, jumladan parlament va sudlardagi lavozimlar bo‘yicha esa, Arnaut buni yangi Suriya davlati tuzilishini o‘ylayotgan ekspertlar hal qilishi lozimligini bildirdi.

Suriyada ayollar aktivizmi yetarlicha kuchli va Arnautning so‘zlari e’tiroz va tanqidlar to‘lqini bilan qarshi olindi. 22 dekabr kuniyoq o‘tish davri hukumatida ayollar ishlari bo‘yicha vazirlik paydo bo‘ldi — uni islom feministi (ayollarning huquq va manfaatlarini islom ta’limoti va islom huquqi doirasida himoya qilish g‘oyasi tarafdori) Oysha al-Dibs boshqaradi. 30 dekabr kuni Suriya Markaziy banki rahbari lavozimini ilk bor ayol kishi — Maysa Sabrin egalladi. 31 dekabr kuni esa druzlarga mansub bo‘lgan ayol Muhsina al-Mahithavi janubdagi druzlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Suvayda viloyatiga gubernator bo‘lib, o‘tish davri hukumatidan joy oldi.

O‘z boshqaruvi dunyoviyligini har tomonlama ta’kidlaydigan Asad boshqaruvi davrida ham ayollar ba’zida muhim davlat lavozimlariga tayinlangan. Yangi hukumat esa bunday tayinlovlarni bir vaqtning o‘zida islom diniga sodiqlik va inklyuzivlikni ko‘rsatish maqsadida qilmoqda.

3 yanvar kuni Damashqqa Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari keldi — va Shar’a uchrashuv vaqtida fransuz vazir Jan-Noelyu Barroning qo‘lini siqib qo‘ydi, ammo nemislar vaziri Annalena Berbokka qo‘l uzatmadi. G‘arb matbuotida bu masalada shov-shuv ko‘tarildi.

Protokol xizmati Shar’a diniy sabablarga ko‘ra, nomahram ayolga tegina olmasligi haqida Berbokni oldindan ogohlantirgani tayin. U bu iltimosni shunchaki unutib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Balki bu o‘ziga xos tekshiruv bo‘lgan: Shar’a muhim tashqi hamkor bilan munosabatni yo‘lga qo‘yish uchun tabuni buzishga tayyormi? Musulmon davlatlarining ko‘plab rahbarlari, jumladan Saudiya Arabistoni podshohi hamda BAA shayxlari tayyor, Shar’a bilan esa unday emasligi ma’lum bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham u birinchi navbatda dala qo‘mondoni va uning hokimiyati birinchi navbatda jangchilar orasidagi avtoritetini saqlashga bog‘liq, uning jangchilari uchun esa begona ayolning qo‘lini ushlash — harom hisoblanadi.

Kuzatuvchilar Suriyaning yangi hukumatining niyatlarini aniqlashga harakat qilayotgan yana bir epizod bor. 1 yanvar kuni ta’lim vazirligi maktab darsliklari qaytadan yozilishini e’lon qildi. Darsliklardan Asadlar oilasi izlarini yo‘qotish kerakligi tufayli hech kim e’tiroz bildirmadi. Ammo ayrim direktivalar ancha munozarali bo‘lib chiqdi.

Asadlar dunyoviy millatchilar edi. Ularning mafkuraviy narrativlari uchun Suriyaning ko‘p asrlik uzluksiz tarixi juda muhim edi. Xususan, ular Palmira malikasi, milodiy III asrda hukmronlik qilgan va ma’lum vaqtga Rim imperiyasidan mustaqillikka erishgan Zenobiyaga katta e’tibor qaratishgan. Ammo u ayol va majusiy edi — va yangi hukumat ta’lim vazirligi tarix darsligida unga o‘rin yo‘q deb topdi. Holbuki u ko‘plab suriyaliklar uni xalq qahramoni deb biladi.

Dunyoviy millatchilik narrativining boshqa bir muhim elementi — mustamlakachilikka qarshi kurashdir. Asad Suriyasi misolida bu jumladan Usmoniylar imperiyasini qattiq tanqid qilishni nazarda tutgan, Suriya XVI asrdan XX asrgacha turklar davlati hukmronligi ostida bo‘lgan. Suriyaning yangi hukumatining muhim ittifoqchisi va homiyasi bo‘lgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa o‘zini usmoniy sultonlar vorisi deb hisoblaydi. Endi yangi darsliklarda usmoniylarga ehtirom ko‘rsatilishi kerak. Bu esa barchaga ham yoqmasligi tayin.

Qolaversa, vazirlik biologiya darsliklaridan inson evolyutsiyasi haqidagi bo‘limni olib tashlashni buyurgan.

Ko‘proq yangiliklar: