Yapon olimlari prognoz qilishicha, 2720 yil boshiga kelib mamlakatda 14 yoshdan kichik atigi bir nafar bola qoladi. Toxoku universiteti professori Xirosi Yesidaning so‘nggi hisob-kitoblari shundan dalolat bermoqda, deb xabar berdi The Japan Times gazetasi.
Ilgari bunday vaziyat 2821 yilda yuz berishi taxmin qilingandi. Ammo bolalar sonining kamayish jarayonini kuzatib boruvchi onlayn soatlar yordamida qayta ishlangan yangi ma’lumotlar endi boshqa sanani — 2720 yil 5 yanvarni ko‘rsatmoqda. Ushbu soatlar Yaponiyada yosh avlod ulushining tez sur’atlar bilan pasayib borayotganini aks ettiradi.
Oxirgi hisob-kitoblar Yaponiyada 2024 yilgi tug‘ilish statistikasini hisobga olgan holda amalga oshirildi.
Yaponiyadagi demografik inqiroz
Tug‘ilishlar sonining pasayishi umumiy aholi soni qisqarishi fonida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Aholining keskin qarishi va tug‘ilish darajasining pasayishi Yaponiya hukumati va jamiyati uchun asosiy muammolarga aylanmoqda. Olimlarning fikricha, demografik siyosatda o‘zgarishlar bo‘lmasa, vaziyat yomonlashishda davom etadi. Hozirgi kunda Yaponiya aholisining atigi 11 foizi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat, qariyb 30 foizi esa 65 yoshdan oshgan.