OAV: Turkiya Suriyaning markaziy qismida harbiy bazalar yaratishi mumkin

Jahon 09:23 1707

Turkiya Suriya markazida harbiy havo bazalarini qurishi mumkin. Palmira yaqinidagi harbiy aerodrom, shuningdek, Tiyas qishlog‘i yaqinidagi T4 aviabazasi variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar berdi Reuters va Misrning Mada Masr portali 4 fevral, seshanba kuni Suriya va Turkiya hukumatlaridagi manbalarga tayanib.

Shu kuni Suriyaning yangi rahbari Ahmad al-Shara Anqaraga keldi va u yerda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Al-Sharaning aytishicha, mamlakatlar «mintaqadagi xavfsizlik tahdidlariga qarshi turish» va «strategik sheriklik yaratish» uchun qo‘shma strategiya ustida ishlamoqda.

Turkiya rahbarining aytishicha, Suriya shimoli-sharqida kurd jangchilariga qarshi birgalikda kurashish, shuningdek, Isroil mudofaa kuchlarini Jo‘lan tepaliklari hududidan olib chiqish masalalari muhokama qilingan. Muzokaralar yakunida siyosatchilar hech qanday kelishuvga erishmagan.

Turkiyaning Palmira va Tiyasdagi yangi bazalari

Uchrashuv oldidan qator ommaviy axborot vositalari tomonlar mudofaa paktini ishlab chiqayotgani, u Turkiya harbiy bazalarini yaratish va Suriya harbiylarini Turkiya tomonidan tayyorlashni nazarda tutganini yozgan edi. «Turkiya havo bazalari va havo hujumidan mudofaa tizimlarini yaratish ustida ishlamoqda va tez orada Suriya bilan o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolashi mumkin. Bu Turkiyaga Suriya havo hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish imkonini beradi», dedi Mada Masr nashriga Suriya xavfsizlik doiralaridagi manba.

Unga ko‘ra, bazalar Tiyas va Palmirada tashkil etilishi mumkin. Ikkala aholi punkti ham mamlakat markazidagi Xoms viloyatida, bir-biridan 60 km uzoqlikda joylashgan. U yerda joylashgan harbiy obektlar hozir Suriya havo kuchlariga tegishli.

Qatarning Al Jazeera telekanali eslatganidek, Turkiya Suriya shimolida, davlat chegarasi yaqinida allaqachon harbiy bazalariga ega. Ular mamlakatni kurd kuchlaridan himoya qilishga qaratilgan. Al-Shara va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralarni yoritgan kanal muxbiri yangi mudofaa shartnomasi muhokama qilinganini aytdi. «Ular yangi harbiy bazalar haqida gapiryapti. Ularning joylashuvi hozircha noma’lum», — deydi jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: