Turkiya Suriyadagi kurdlarga harbiy operatsiya bilan tahdid qildi

Jahon 14:16 / 09.01.2025 2281

Turkiya Suriyadagi kurd qo‘shinlari prezident Bashar Asad ag‘darilganidan so‘ng hokimiyatni «qonsiz» o‘zgartirish bo‘yicha Anqaraning shartlarini qabul qilmasa, ularga qarshi harbiy operatsiya boshlash bilan tahdid qildi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan 7 yanvar, seshanba kuni CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida, agar kurd qo‘shinlari Anqara talablariga rozi bo‘lmasa, ehtimoliy harakatlarni izohlar ekan, «kerak bo‘lgan ishni qilamiz», dedi.

Bu aniq nimani anglatishi mumkin degan savolga Fidan: «Harbiy operatsiya», deb javob berdi.

Turkiya AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya demokratik kuchlari (SDF) yetakchiligidagi YPG'ni Turkiya davlatiga qarshi ko‘p yillar davomida qurolli kurash olib borgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) bilan aloqador terrorchi tashkilot deb biladi.

Kurdlarning qamoqdagi yetakchisi o‘z guruhini qurollarni tashlashga chaqirmoqchi

Turkiyaning Imrali orolidagi qamoqxonada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) yetakchisi Abdulla O‘jalan KIPni qurollarini tashlashga chaqirishga tayyor. Bu haqda kurdparast Tenglik va demokratiya turk xalq partiyasi (DEM) ikki deputatining 29 dekabr kuni bergan bayonotiga tayanib, Reuters xabar qildi.

Murojaatda O‘jalan o‘z partiyadoshlariga qanday shaklda murojaat qilishi mumkinligi aniqlashtirilmagan.

O‘jalanning bayonotidan oldin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning partiyasini qo‘llab-quvvatlovchi Turkiyaning MHP partiyasi yetakchisi tegishli chaqiriq bilan chiqdi. U kurd rahbarini ozod etilishi evaziga Kurdiston ishchilar partiyasini qurolli qarshilikni to‘xtatishga chaqirishni taklif qildi. Erdo‘g‘an bu taklifni «tarixiy imkoniyatlar oynasi» deb atadi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi yetakchisi, Abu Muhammad al-Juloniy nomi bilan tanilgan Ahmad al-Shara Al Arabiya telekanaliga bergan intervyusida Suriyadagi o‘tish davri hukumati Suriya kurdlar demokratik kuchlari (SDK) bilan jang qilish niyatida emasligini aytdi: «Suriya shimoli-sharqidagi inqirozni hal qilish uchun SDK bilan muzokaralar olib borilmoqda». Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Damashqdagi yangi hokimiyatning maqsadi SDKni Suriya qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shishdir.

Xsh yetakchisi kurdlar Suriya davlatining ajralmas qismi ekanligi haqidagi fikri bilan o‘rtoqlashdi va mamlakatni bo‘lib tashlash rejalarini rad etdi. «Suriyaning bo‘linishi bo‘lmaydi», deb ishontirdi u. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hokimiyat Suriyaning KIP uchun platsdarm bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ko‘proq yangiliklar: