G‘ayrat Fozilov Lyuksemburg valiahd Buyuk gersogiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston 21:09 / 09.01.2025 1113

7 yanvar kuni O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov (qarorgohi Bryussel shahrida) valiahd Buyuk gersogi Giyom (Vilgelm)ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Qayd etilishicha, marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda valiahd Buyuk gersog O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Muloqot chog‘ida, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan.

Suhbat so‘ngida Lyuksemburg valiahd Buyuk gersogi O‘zbekiston elchisini mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

G‘ayrat Fozilov O‘zbekistonning Belgiyadagi, shuningdek, o‘rindoshlik asosida Niderlandiya va Lyuksemburgdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) elchisi, Yevropa Ittifoqi va NATO huzuridagi vakolatxonalari rahbari hisoblanadi. 2023 yil 5 dekabrda diplomatik missiyasini bajarish uchun Bryusselga yetib kelgan.

Belgiyaga tayinlanishidan oldin u 2015-2017 va 2021–2023 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2024 yil 7 fevral kuni Fozilov Belgiya qiroli Filippga, 14 noyabr kuni esa Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

 
Ko‘proq yangiliklar: