Shohimardonlik otaxonning soddalik bilan aytgan gaplarini ijtimoiy tarmoqlarda eshitmagan odam topilmasa kerak. Hayotligida qo‘shnilari-yu qarindosh-urug‘idan boshqa hech kim tanimagan oddiy dehqonni u 33 yil avval bergan intervyusi mashhur qildi. O‘limidan bir necha yil o‘tib esa uning suhbatdagi jumlalari ommalashdi, hatto ayrimlari memga ham aylanib ulgurdi. Kun.uz muxbiri marhum Ismoil otaning o‘g‘illari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
1992 yil – mustaqillikning ilk yillari, hali davlatchilik to‘liq shakllanib ulgurmagan. Sobiq ittifoq respublikalari o‘rtasida aloqalar uzilib, respublika iqtisodiyoti og‘ir ahvolga tushgan va turli korxonalar ish faoliyatini to‘xtatgandi. Oqibatda savdo do‘konlari bo‘shagan, odamlar ishsiz va pulsiz qolib, yuqori inflatsiya fonida narx-navolar keskin oshib borayotgan og‘ir davrlar edi.
Ana shunday kunlarda BBS (Buyuk Britaniya) muxbiri shohimardonlik Ismoil ota Mirzamatovdan qishloq hayoti haqida intervyu oladi. O‘shanda soddagina dehqon narx-navo tobora oshib ketayotganiga o‘z fikrini bildirar ekan, quvlik bilan prezident (Islom Karimov) televizorda chiqib “avgustdan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketishi” haqida va’da bergani va u o‘sha kunni intizorlik bilan kutayotganini aytgan.
Sodda va samimiy dehqon intervyudan so‘ng 15 yil yashab 2007 yil 2 dekabrida 77 yoshida vafot etadi. Bundan bir oy avval otaning turmush o‘rtog‘i Maqsuda aya ham 86 yoshida bandalikni bajo keltirdi. Marhum dehqondan 4 o‘g‘li va 4 qiz qolgan. Kun.uz muxbiri Ismoil otaning o‘g‘illari bilan suhbatlashdi.
Otam avgustni kutib yashadi...
“Otamning 33 yil avvalgi aytgan mashhur gaplari hali ham dolzarb, ijtimoiy tarmoqlarda hali ham aylanyapti. Otam doim bizga ishlasang tishlaysan, deb nasihat qilardi. Biz o‘g‘illarini qattiq ishlatardi. Mana, kam bo‘lganimiz yo‘q, o‘zlari dehqonchilik orqasidan sakkiz bolani uylab joyladilar.
Umrining oxirigacha o‘sha avgustni kutib yashadi. Otam 2007 yilda 77 yoshida buyrak xastaligidan vafot etdi. BBS tasvirga olgan o‘sha mashhur intervyuni ko‘rish o‘zlariga nasib etmadi. Otamlar g‘oyatda sodda, oqko‘ngil ishonuvchan inson edi. Umrining oxirigacha dehqonchilik bilan shug‘ullandi. U oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan.
Otamning o‘sha mashhur “avgustdan keyin hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda haliyam aylanadi. Bundan biz juda xursand bo‘lamiz. Xuddiki otam hali ham yonimizda biz bilan yashayotgandek tuyulaveradi. O‘sha mashhur gap tufayli shu kunlarda ham juda ko‘p joylardan oilamizni so‘roqlab kelib biz bilan gaplashib ketishyapti. Bundan boshimiz osmonga yetadi, albatta.
Hali hanuz yodimda. Kartoshka ekardik. Otam bizga bosh bo‘lardi. Rejani topshirsak, qolgani o‘zimizniki edi. Kartoshkani sotib puliga tirikchilik qilardik.
Mana, Rossiyada ishlab kelib yaqinda ikkita to‘y qildik. Ham qiz chiqardik, ham o‘g‘il uyladik. Ikkinchi o‘g‘il edim, otamning yonida ko‘p yurardim. Qayga borsa meni o‘zi bilan olib ketardi.
To‘ng‘ich akam va kenjamiz Rossiyada ishlaydi. Men maktabda ishlab pensiyaga chiqdim. Yana bir ukamiz qorovul.
Shohimardon qishlog‘idan shaharga tushadigan bo‘lsam chegaradagi bojxona xodimlari, dehqon otani o‘g‘limisiz, deb kulib qo‘yishadi. Inson o‘limidan keyin ham mashhur bo‘lib ketishi mumkin ekan-da”, deydi Ismoil otaning o‘g‘illaridan biri G‘ayrat Mirzamatov.
Yozyovonlik Mamarasul aka BBS muxbirlarini uyimizga olib kelgandi...
“1992 yilda uyimizga yozyovonlik tanishimiz Mamarasul aka BBS muxbirlari bilan kirib keldi. Otamdan intervyu olishdi. O‘shanda yetti yoki sakkizinchi sinfda o‘qirdim. Afsuski, o‘z chiqishlarini ko‘rish otamga nasib qilmadi.
Otam rahmatli o‘tib ketganlariga mana 18 yil bo‘ldi. Hozirgacha internetda aylanyapti videolari. Otamdan faxrlanaman. Yaxshi inson bo‘lganlarki, o‘limidan keyin ham eslanyapti. Tarmoqlarda aylanayotgan videolarini ko‘rganimda xursand bo‘lib ketaman. Intervyu haqida ham bizga ko‘p gapirib berardi, rahmatlik. Yaqinda (bir oydan o‘tdi) onam Maqsuda aya ham vafot etdilar”, deydi Ismoil otaning o‘g‘illaridan biri Rasuljon Mirzamatov.
33 yil oldingi gap...
“Otamning 33 yil oldingi gapirgan gaplari hozir ham dolzarb. Buni qarangki, o‘sha jumlalar hozir ham to‘xtagani yo‘q. Avgust, sentabrdan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, deb aytganlari telefonlarda aylanyapti. Ziyorat qilgani ham odamlar kelishyapti uyimizga.
Mana bu uylarni otam o‘z qo‘llari bilan qurgan. Xudo xohlasa, bu uylar otamdan yodgorlik bo‘lib qoldi. Uylarni ko‘rganimda otamni eslayman.
Otam juda ajoyib odam bo‘lgan. Umrining oxirigacha o‘sha avgustni kutib yashadilar, ko‘p va xo‘p aytardilar, avgustdan keyin Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘lib ketadi deb.
Hozir ham mana o‘tin qilamiz, otamdan qolgan boltada. Boltalari ham yodgorlik bo‘lib qolgan shu kungacha. To‘n, telpak va belbog‘larini asrab qo‘yganmiz.
Rossiyada ishlayman, O‘zbekistonga bir yilda bir marta kelaman. Uyimga keliboq otamning boshlariga qabristonga boraman. Ziyoratdan ko‘nglim yorishadi. Otam juda ziyrak, ishonuvchan, sodda odam bo‘lgan. Alloh rahmatiga olsin, joylari jannatda bo‘lsin, ruhlari doim shod, oxiratlari obod bo‘lsin”, deydi Ismoil otaning kenja o‘g‘li Asliddin Mirzamatov.
Ismoil ota kiygan to‘n, telpak va belbog‘larigacha yaxshi saqlangan. U qurgan imoratlar va hatto o‘zi ichidan go‘ng tashigan og‘illargacha o‘z o‘rnida. Dehqon boltasida esa endi o‘g‘illari o‘tin yoryapti...
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov