1998 yil 7 iyul. Shohimardonni vayron qilgan sel qishloq tarixida eng og‘ir fojialardan biri bo‘ldi. Shu kuni yarim tunda Qirg‘iziston tog‘larida ulkan muzliklar erishi oqibatida qishloqqa dahshatli sel keldi. Tabiiy ofat ko‘plab oilalar yostig‘ini quritdi. Yuzlab odamlar bedarak yo‘qoldi. Shohimardonliklar uchun bu kun dahshatli xotiralar bilan muhrlandi.
Shu kuni aksar shohimardonliklar futbol bo‘yicha jahon chempionati yarimfinal bahsi Braziliya – Niderlandiya o‘yini boshlanishini kutib televizor qarshisida o‘tirgan edi. Futbol ma’lum ma’noda tog‘liklar hayotini saqlab qoldi. Hali uyquga ketmagan ko‘plab tog‘liklar tepalikka qochib chiqishib ofatdan qutulib qoldi.
O‘sha mash’um tunda Rahmiddin aka ikki o‘g‘lidan ayrildi. Do‘konda savdoni tugatib uyga qaytishga ulgurmagan aka-ukani sel oqizib ketdi.
O‘g‘illarimning tomga yashirilgan ust-boshini topib olib hidlab yig‘layman...
“Hech kim farzand dog‘i bilan sinalmasin. O‘sha mash’um tunda ikki o‘g‘limdan ayrildim. Farzandlarim do‘konda ishlab turgan joyida sel oqizib ketdi. Murdalari birin-ketin topildi. Yoz fasli bo‘lgani uchun qishloqda odam ko‘p bo‘lgan, ayni mavsum edi. To‘satdan kelgan sel ovozi kuchliligidan tank deb o‘yladim.
O‘g‘illarim hayot bo‘lganda bag‘rim butun bo‘lgan bo‘larmidi?… Allohga kerak ekan, oldi. Haligacha bolalarimning rasmlariga qarab eslayman. Tomosha qilaman.
O‘g‘illarimni sog‘insam, soy bo‘yiga kelaman, chunki ularning jasadi shu yerdan topilgan. To‘ychivoy o‘g‘lim suv dambasiga osilib qolgan ekan. Alloh shunday taqdir bergan ekan, unga ko‘nmasdan ilojimiz yo‘q.
Xotinim ko‘rib siqilmasin deb o‘g‘illarimning kiyimlarini tomga olib chiqib yashirib qo‘yardi. Ularning kiyimlarini topib olib kechalari bilan yig‘lab chiqardim. Ust-boshini hidlab bolalarimni eslardim.
Bu ayriliqdan keyin Alloh yana o‘g‘il berdi. Umriddin degan o‘g‘lim, 2 qiz, 3 nabiram bor. Bularning umrini uzun qilgin, ilohim, Parvardigor, deb duo qilaman.
Yaqinda qishloqqa sel keldi. Yugurib borib soyga qaradim, yana kattalashib biror kimga ozor bermasin deb. Xayriyatki, talafot bo‘lmadi. Do‘l ham yog‘di. Sel kelsa o‘tgan fojiani eslab dahshatga tushaman. Suv balosi, o‘t balosidan Allohning o‘zi asrasin bizni”.
5 kun ketma-ket o‘lik ko‘mganmiz...
“1998 yil 7 iyul kuni tog‘dagi muzliklardan biri ko‘chib ketib sel kelgan. Qishlog‘imiz sayyohlar, dam oluvchilar bilan to‘lgan paytda bunday hodisa sodir bo‘ldi.
Esimda, o‘sha kuni yarim kechasi futbol o‘yini bo‘lishi kerak edi. Aynan o‘sha vaqtda sodir bo‘lgan bu jarayon. Futbol boshlanishini uxlamay kutib turganlar omon qolgan.
Birinchi prezidentimiz Islom Karimov voqea joyiga tezda yetib kelib uysiz qolib ketgan barcha aholiga uy qurib berilishini va’da qilgan. 1999 yilgacha 159 xonadonga uylar qurilib topshirilgan.
Shohimardon aholisi 5 kun ketma-ket o‘lik ko‘mganmiz. Suvlardan chiqqan murdalarni avtobus, samolyot orqali boshqa tumanlarga yuborganmiz. Keyin aniqlanishicha, selda bir oiladan Yozyovon tumanida 27 kishi vafot etgan ekan. Bular orasida 13 nafar yosh bola va 14 nafar yoshi katta otaxonlar-onaxonlar bor ekan. Jami 400 dan ortiq odam selda vafot etgan. Bu selning kelishiga sabab tog‘dan muz yorilib bir bo‘lagi oqib kelgan ekan”, deydi shohimardonlik Abdusattor Orifov.
Kelinoyim bolalarini tashqariga chiqarib o‘zi uyda qolib ketgan...
“1998 yildagi sel Shohimardon tarixidagi eng dahshatlisi edi. Bu ham Allohning irodasi bilan bo‘lgan, hech kim buni to‘xtatib qola olmagan. Qishlog‘imizdan 5 kishi vafot etgan, shulardan biri kelinoyim edi. Kelinoyim bolalarini tashqariga chiqarib o‘zi uyda qolib ketgan. Qutqarishga borganimizda jonlari uzilib bo‘lgan ekan. Bu tabiiy ofat ko‘pchilikning yostig‘ini quritdi. Sel kelganda birdan tok o‘chgan va o‘sha kuni Braziliya-Niderlandiya jamoalarining futbol o‘yini namoyish qilinishi kerak edi”, – Jaloliddin Kozimov.
Bu kunlarni qaytib ko‘rmaylik...
“Uzunligi 500, eniga 40 metr, chuqurligi 20 metrli shag‘alni bomba portlagandek sel olib kelgan. Shu sababli ancha odamlar marhum bo‘ldi. Avvallari tog‘dagi muzliklar erishiga qarshi tez-tez vertolyotlar ammiak sepib turishgan. Bu ish keyinchalik amalga oshirilmay qo‘yilgandi. Oqibatda muzlik erib, sizib chiqa boshlagan. Ulkan muzlikning erishi esa qishlog‘imiz vayron bo‘lishiga olib keldi. Bu kunlarni qaytib ko‘rmaylik”...
Akam nabirasi bilan oqib ketdi...
“Sel kelgan kuni o‘g‘lim kelishini kutib uxlamay turgandim. O‘g‘lim do‘konda ishlardi. O‘sha kuni futbol o‘yini bor edi. O‘g‘lim bilan birga futbol ko‘rishni reja qilgandik.
Akamni ham shu sel nabirasi bilan olib ketdi. Akamning uyiga borsak na uy, na odamlari bor edi. Dahshatli voqealarga guvoh bo‘lganmiz. O‘liklarni topib avtobuslarga joylab shifoxonaga, o‘z tumanlariga yuborganmiz. Orasida mehmonlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Bu ham bir Allohning ishi-da, bu yog‘iga tinchlik bo‘lsin ilohim”.
O‘zbekistonning tog‘ bag‘rida joylashgan eksklav hududi – Shohimardon qishlog‘ida bugun hayot qaynaydi. Qishloq yoz faslida sayyohlar-u mehmonlar bilan to‘la. Lekin tog‘liklar 1998 yil 7 iyul kungi dahshatli selni hali unutganlaricha yo‘q.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov