Yaponiya oxirgi besh yilda mamlakat milliy xavfsizligi va yuqori texnologiyalariga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga qaratilgan kiberhujumlarda Xitoyning MirrorFace hakerlik guruhini ayblamoqda. Bu haqda Milliy politsiya boshqarmasi (NPA) ma’lum qildi.
Yapon hukumatining ma’lum qilishicha, 2019 yildan 2024 yilgacha MirrorFace hujumlari tahlil qilinganida, bu Xitoy bilan bog‘liq tizimli harakatlar ekani aniqlangan. Hujumlarning asosiy maqsadi Yaponiya milliy xavfsizligi va ilg‘or texnologiyalariga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlash bo‘lgan.
NPA ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlovi yordamida tashkil etilgan kiberhujumlar asosan Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Yaponiya kosmik agentligi, shuningdek, ilg‘or texnologiyalarga aloqador xususiy kompaniya va tahliliy markazlar xodimlari, siyosatchilar, jurnalistlarga nisbatan uyushtirilgan.
Bundan tashqari, MirrorFace 2023 yilning fevral-oktyabr oylarida yarimo‘tkazgichlar va axborot-kommunikatsiya sohasida ustuvorlikka ega 37 ta tashkilot tarmog‘iga kirgan. Jabr ko‘rganlar orasida Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi ham bor.
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, virtual xususiy tarmoq qurilmalarining zaifliklaridan foydalangan holda uyushtirilgan buday hujumlar oqibatida maxfiy ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.