Estlink 2 kabelining uzilishi: Fin ko‘rfazida langar topildi

Jahon 13:59 / 08.01.2025 2508

Finlandiya politsiyasi 2024 yil oxirida Fin ko‘rfazining tubidan suvosti elektr kabellari, jumladan Estlink 2'ni uzib yuborgan langarni topdi. Bu haqda 7 yanvar, seshanba kuni Finlandiya politsiyasi saytida chop etilgan press-relizda aytiladi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining fikricha, langar Eagle S kemasiga tegishli bo‘lib, u avvalroq kabelga shikast yetkazganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan. Finlandiya qurolli kuchlari, shuningdek, Shvetsiya harbiy-dengiz kuchlari huquq-tartibot idoralari xodimlariga langarni pastdan ko‘tarishda yordam berishdi. Yuk ko‘taruvchi kran Shvetsiyaning Belos qutqaruv kemasi bortida bo‘lgan.

«Langar topilgan joy Eagle S marshrutida, Porkkala yarimoroli sathida joylashgan. Langar dengiz tubida yotgan», dedi finlandiyalik tergovchi Risto Lohi.

Reuters ta’kidlaganidek, qo‘lga olinganidan keyingi Eagle S fotosuratlari uning chap bort tomonidagi langarini yo‘qotganini va faqat o‘ng tomonidagi langar bilan ushlab turilganini aniq ko‘rsatib turibdi.

G‘arb kabellar uzilishining oldini olish uchun sun’iy intellektdan foydalanadi

Buyuk Britaniya boshchiligidagi qo‘shma ekspeditsiya kuchlari (Joint Expeditionary Force, JEF) Boltiq dengizidagi yirik Estlink2 suvosti kabeliga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlardan so‘ng dengizosti infratuzilmasiga potensial tahdidlarni va Rossiyaning soyadagi flotini kuzatish uchun ilg‘or javob tizimini faollashtirdi. Bu haqda 6 yanvar kuni Britaniya hukumati ma’lum qildi.

JEF 10 ta davlatdan iborat.

Nordic Warden operatsiyasi o‘tgan hafta boshlangan edi. Uning a’zolari sun’iy intellektdan turli manbalardan olingan ma’lumotlarni, jumladan, kemalarni avtomatik identifikatsiya qilish tizimi (AIS) va xavflarni baholash uchun foydalanadilar. JEF harakatlari NATOning sa’y-harakatlarini kuchaytiradi.

Rossiyaning soyadagi floti bir qismi sifatida aniqlangan kemalar JEF a’zolarini qiziqtirgan hududlarga yaqinlashganda ularning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borish uchun tizimga kiritilgan. Agar xavf mavjud bo‘lsa, tizim real vaqt rejimida kuzatib boradi va darhol JEF'ga a’zo mamlakatlarga, shuningdek, NATO ittifoqchilariga ogohlantirish yuboradi.

«Hukumat bizning ittifoqchilarimiz bilan suvosti kabellari kabi muhim milliy infratuzilmani himoya qilish uchun yaqindan ishlayapti», dedi Britaniya bosh vaziri Kir Starmer. «Yevropa xavfsizligini mustahkamlash uchun JEF sammitidan so‘ng tez orada ushbu ilg‘or texnologiyani ishga tushirayotganimizdan xursandman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ko‘proq yangiliklar: