Finlandiyaning Pori shahrida 200 million yevrodan ziyodga portlovchi moddalarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod quriladi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Antti Xakkyanen ma’lum qildi.
«Investitsiyaning maqsadi — g‘arb davlatlarida o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni yetarli darajaga yetkazish. Loyiha Mudofaa vazirligi rahbarligi ostida amalga oshiriladi, Yevropada artilleriya va minomyot o‘q-dorilari ishlab chiqarishni oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Investitsiya, shuningdek, Ukrainaga uzoq muddatli yordamni davom ettirishga yordam beradi», — deydi u.
Yangi zavod Yevropa Ittifoqida Polshadan keyin ikkinchi yirik portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Zavod 2028 yilda qurib bitkaziladi va trotil ishlab chiqarishni boshlaydi.
Ta’kidlanishicha, 31 yanvar kuni Mudofaa vazirligi rahbari Mudofaa kuchlariga Finlandiyaning Forcit portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan trotil ekvivalentidagi portlovchi moddalarni sotib olish bo‘yicha 10 yillik bitimni imzolashga ruxsat bergan.
2024 yil noyabrda Finlandiyaning Summa Defence mudofaa sanoati guruhi ukrainalik hamkorlar bilan birgalikda Ukraina va NATO Qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqaradigan zavod ochishi to‘g‘risida xabar berilgandi.