Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM), Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI), davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), TIV huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi kabi mamlakatning yetakchi tahliliy muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo taraqqiyotining zamonaviy dinamikasi, mintaqaning tashqi dunyo bilan aloqalari, shuningdek, "Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi" formatidagi mintaqalararo munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Xususan, MOXI direktori Javlon Vahobov Markaziy Osiyo dunyoning yetakchi davlatlari uchun muhim mintaqaga aylanganini ta’kidladi. Bugungi kunda mintaqa 10 dan ortiq "Markaziy Osiyo+" formatlarida faol ishtirok etib, 40 ga yaqin mamlakat va ikkita mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlik qilayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, bosh direktor Pol de Vitt Markaziy Osiyoning jadal rivojlanishi va uning global maydonda mustaqil aktorga aylanishi sharoitida Yevropa Ittifoqi mazkur mintaqa bilan ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yevropa tahliliy tuzilmalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini muhokama qilish uchun muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.