AQSh Rossiyani Sudanda fuqarolar urushini keskinlashtirishda aybladi

Jahon 14:45 / 08.01.2025 1142

Rossiya Sudandagi fuqarolar urushining har ikki tomonini qo‘llab-quvvatlayapti. Bu haqda 6 yanvar, dushanba kuni AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.

AQShning Rossiyaga qarshi ayblovlari

2024 yilning noyabrida Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining Sudanda jang qilayotgan tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi. O‘shanda BMT Xavfsizlik kengashining qolgan 14 ta davlati hujjatni qo‘llab-quvvatladi.

«Rossiya to‘sqinlik qilishni tanladi: yolg‘iz turib, tinch aholini xavf ostiga qo‘yish uchun ovoz berdi, shu bilan birga, mojaroning har ikki tomonini ham moliyalashtiryapti — ha, men shunday dedim: har ikki tomonni», — dedi Tomas-Grinfild. Reuters ta’kidlaganidek, u Rossiya Federatsiyasi buni qanday va nima uchun qilayotgani haqida batafsil ma’lumot bermadi.

Keyinroq AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi Vashington Rossiyaning «Sudandagi oltin savdosidan doimiy manfaatdorligidan» xabardor ekanini aytdi va urishayotgan tomonlarga «noqonuniy oltin savdosi yoki harbiy texnika yetkazib berish orqali» har qanday moddiy yordam taqdim etilishini qoraladi.

«Biz Sudanning oltin qazib olish bo‘yicha Rossiyaning sanksiya ostidagi yuridik shaxslari va jismoniy shaxslari bilan hamkorligi Sudanning uzoq muddatli manfaatlariga va Sudan xalqining urushni tugatishga bo‘lgan intilishlariga zarar yetkazishi mumkinligiga ishonamiz», — dedi AQShning jahon tashkilotidagi missiyasi vakili.

Sudan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirishdan bosh tortdi

Rossiya o‘z harbiy-dengiz bazasini Qizil dengiz sohilida Sudanda joylashtirish urinishlaridan voz kechmayapti, biroq bu maqsadga hali erisha olmadi. Bu haqda 18 dekabr kuni The Moscow Times (MT) yozmoqda. Uning Sudan razvedkasi xodimiga tayanib yozishicha, Rossiya Federatsiyasi harbiy-dengiz bazasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun mahalliy hokimiyatga zamonaviy S-400 zenit-raketa majmuasi (ZRM)ni taklif qilgan. Biroq, bu taklif Sudan tomonidan AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining salbiy munosabatiga sabab bo‘lishidan qo‘rqib, rad etildi. Sudan razvedkachisining so‘zlarini amerikalik ikki amaldor ham tasdiqladi, deya aniqlik kiritadi MT.

Yangi harbiy-dengiz bazasini qo‘lga kiritish Rossiya uchun Suriyadagi so‘nggi voqealar nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda, u yerda hukmdor Bashar Asadning ag‘darilishi tufayli u bunday bazadan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqarolar urushi olib borilayotgan, hukumati Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Sudan (yaqingacha Suriyada bo‘lgani kabi) hali Moskva istaklarini qondirgani yo‘q. Biroq, MT qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasida Rossiya qurollari va neft mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzilgan. Xususan, yetti oylik tanaffusdan so‘ng yonilg‘i yetkazib berish qayta tiklandi: apreldan oktyabrgacha Rossiya Sudanga 2,8 million barrel dizel va benzin eksport qildi, bu Sudan importining deyarli yarmini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: