Ukrainada 2024 yilda 200 mingga yaqin odam urushga safarbar qilindi. Bu haqda Ukraina va G‘arb rasmiylariga tayanib The Washington Post xabar berdi.
«Men raqamlarni aytmayman, ammo bu dahshatli. Odamlar urushga chaqirilmoqda, ammo afsuski, bizda yo‘qotishlar bor va ularning o‘rnini to‘ldirish kerak. Bu rostdan ham yetarli emas», — deydi Ukraina Qurolli kuchlari batalon komandiri.
WP’ning qayd etishicha, rossiyalik harbiy xizmatchilar o‘zlarining asosiy ustuvorligi — inson resurslaridan foydalangan holda urushning «dastlabki kunidanoq jadal sur’atlar bilan oldinga siljimoqda».
2022 yil 24 fevralda Ukrainada harbiy holat joriy etilib, safarbarlik e’lon qilingan edi. UQKning sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy armiyaga odamlar yetishmayotgani va deputatlarni ham frontga borishga chaqirgandi. 2023 yil dekabr oxirida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiylarning qo‘shimcha 450-500 ming kishini safarbar qilish haqidagi iltimosini ma’lum qilgandi.
Shundan beri armiyaga chaqiruv shartlari kuchaytirildi. Xususan, harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 27 dan 25 ga tushirildi. Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya tomonidan 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 43 ming ukrain askari halok bo‘lgan.