Tibetda kuchli zilzila: yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan

Jahon 11:46 / 07.01.2025 8961

Xitoy seysmologik tarmoqlar markazi (CENC) ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9 atrofida XXRning Tibet avtonom hududining Nepal bilan chegarasi yaqinida 6,8 magnitudali zilzila ro‘y bergan.

Zilzila epimarkazi Tingri uyezdida, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Undan keyin kuchi 4,4 magnitudagacha bo‘lgan aftershoklar ham qayd etilgan.

AQSh Geologiya xizmati (USGC) Shigadze shahridan 177 km janubi-g‘arbda 7,1 magnitudali zilzila ro‘y berganini xabar qilgan. Bu hudud Tibetdagi muqaddas tog‘lardan hisoblanib, bu yerda nufuzi bo‘yicha faqat Dalay-lamadan ortda qoladigan, Tibetdagi buddizmning muhim figuralaridan biri Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan.

Yer silkinishi Nepal poytaxti Katmanduda, shuningdek, Butan va Hindiston hududlarida ham sezilgan.

«Tingri uyezdi va uning atrofidagi hududlarda juda kuchli yer silkinishini his qilishdi, epimarkaz yaqinidagi ko‘plab binolar qulab tushgan», — deya xabar bergan CCTV davlat telekanali.

Voqea joyida olingan kadrlarda vayron bo‘lgan uylar va atrofga sochilib ketgan parchalani ko‘rish mumkin.

Xitoy nashrlari xabar qilishicha, mahalliy rasmiylar zilzila oqibatlarini baholash uchun uyezddagi aholi yashash manzillarini aylanib chiqmoqda.

Sinoptiklarga ko‘ra, Tingrida harorat Tselsiy bo‘yicha -8 darajani tashkil qilmoqda va seshanba kuni kechqurun -18 darajagacha tushadi.

Shigatsze Tibetdagi muqaddas shaharlardan biri sanaladi

 

Baland tog‘larda joylashgan uyezdda 62 ming atrofida odam yashaydi. Bu hududda zilzilalar tez-tez ro‘y berib turadi, ammo bu safargisi so‘nggi besh yillikdagi eng kuchlisi bo‘ldi.

Region Hindiston va Yevrosiyo tektonik plitalarining asosiy yoriq chizig‘i yaqinida joylashgan va tez-tez seysmik faollikka duchor bo‘ladi.

2015 yilda Nepal poytaxti Katmandu yaqinida 7,8 magnitudali yer silkinishi ro‘y berishi oqibatida 9 mingga yaqin kishi halok bo‘lib, 20 mingdan ortiq kishi jarohatlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: