Kerch bo‘g‘ozida mazut to‘kilishi oqibatida 30 dan ortiq delfin nobud bo‘ldi

Jahon 22:08 / 05.01.2025 2583

Kerch bo‘g‘ozida tanker halokati sabab mazut to‘kilishi oqibatida dengizda 30 dan ortiq delfin nobud bo‘ldi. Bu haqda «Delfa» delfinlarni qutqarish ilmiy-ekologik markazi xabar berdi.

«Favqulodda holat boshlanganidan beri 61 ta kitsimon o‘lgani qayd etildi, ularning 32 tasi 15 dekabrdan keyin aniqlangan bo‘lib, jonzotlar o‘limi mazut to‘kilishi bilan bog‘liq. Qolganlari favqulodda holatdan oldin nobud bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Markazning ma’lum qilishicha, deyarli har kuni delfinlar nobud bo‘layotgani to‘g‘risida yangi xabarlar kelib tushmoqda.

«Ushbu mavsum uchun bunday ko‘p nobud bo‘lishlar — yuqori ko‘rsatkichdir. Jasadlar holatiga ko‘ra, kitsimonlarning aksariyati halokatdan keyingi dastlabki 10 kun ichida nobud bo‘lgan», — deya ta’kidlanadi xabarda.

15 dekabr kuni Kerch bo‘g‘ozida Rossiyaning ikkita neft tankeri — «Volgoneft-212» hamda «Volgoneft-239» halokatga uchradi. Favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, tankerlar jami 9,2 ming tonnaga yaqin mazut olib ketayotgan bo‘lgan. Halokat oqibatida neft mahsulotlari dengizga to‘kilgan, Krasnodar o‘lkasining o‘nlab kilometr sohillari ifloslangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kerch bo‘g‘ozida tankerlar halokati oqibatida mazut to‘kilishi sababli federal darajadagi favqulodda holat e’lon qilgan. Qrim rahbari Sergey Aksenovga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun federal budjetdan mablag‘ ajratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: