Bundestag deputati kansler Shols Putin bilan uchrashgani Moskvaga borishini ma’lum qildi. Germaniya hukumati buni yolg‘on deb atadi

Jahon 20:45 / 05.01.2025 3890

Germaniya hukumati Xristian-demokratlar ittifoqidan saylangan bundestag deputati Roderix Kizevetterga nisbatan «yuridik chora» tayyorlaydi. U mamlakat kansleri Olaf Shols Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar tarqatgan.

Kizevetter 4 yanvar kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga «kansler Shols Moskvaga borishi yoki 23 fevralgacha Putin bilan uchrashishining belgilari tobora ko‘paygani» haqida yozdi. Shu kuni nemis parlamentida muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi kerak. Deputat buni «saylovoldi kampaniyasi syurprizi» deb atadi. Shu bilan birga, u o‘zi yozgan xabar manbasini keltirmagan. Kizevetterning ta’kidlashicha, mart oyida Rossiya prezidenti AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi.

Putin bilan uchrashuv rejasi borligini Sholsning o‘zi rad etdi. U Kizevetter bayonotini yolg‘on deb atadi.

Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffan Xebeshtrayt ham deputatning so‘zlari yolg‘on ekanini ma’lum qildi. «Bunday safar rejalashtirilmayapti va hech qanday ma’noga ega emas. Hozirda bu bo‘yicha [Kizevetterning bayonoti yuzasidan] yuridik choralar ko‘rilmoqda», — deydi u.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayni vaqtda Putinning Shols va Tramp bilan uchrashish rejasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Dekabr oyida Spiegel Shols yaqin kunlarda Ukrainada urushni to‘xtatish uchun Putin bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Shu bilan birga nashrning Xristian-demokratlar ittifoqidagi suhbatdoshi ushbu ma’lumotni «mish-mish» deb atagan.

2024 yil 15 noyabr kuni Shols va Putin ikki yil ichida birinchi marta telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat davomida Germaniya kansleri Putinni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinini to‘xtatishga va RF qo‘shinlarini uning hududidan olib chiqib ketishga chaqirgan.

Ko‘proq yangiliklar: