Britaniyada noqulay ob-havo sharoiti tufayli qator aeroportlar faoliyati to‘xtatildi

Jahon 18:50 / 05.01.2025 2763

Buyuk Britaniyadagi qator aeroportlar faoliyati qor va yomg‘ir tufayli cheklandi, deb xabar beradi Sky News. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, xususan, Manchester, Liverpul, Birmingem va Bristol havo bandargohlari faoliyati to‘xtatilgan.

Aeroport xizmatlari yo‘lovchilarga reyslarning qabul qilinishi va uchib ketishi to‘xtatilgani to‘g‘risida xabar berib, uchish-qo‘nish yo‘laklarini tartibga solish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Murakkab ob-havo sharoiti tufayli bir qator avtomobil yo‘llari, shuningdek, temiryo‘l liniyalarida vaziyat qiyinlashgan. Bundan tashqari, Angliya va Uelsdagi bir qancha aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolgan. Buyuk Britaniya Milliy elektr energiya kompaniyasi ta’minotni qayta tiklash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Meteorologlarning ta’kidlashicha, noqulay ob-havo sharoiti kamida yana bir necha kun davom etadi.

Avvalroq CNN telekanali AQShga qor bo‘roni yaqinlashayotgani va bu taxminan 62 million kishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Meteorologlarning prognozlariga ko‘ra, qor 12 ta shtatga yopiriladi, shamol tezligi soatiga 65 kilometrga yetishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: