“Qonunlar bilan adolatli ish yuritilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi” – Apellyatsiya sudi qanday o‘tdi?

O‘zbekiston 00:33 / 04.01.2025 27251

“Zapravka”dagi murojaati ortidan mayda bezorilikda ayblanib qamalgan G‘ayrat Do‘stov ustidan 3 yanvar kuni apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi. Apellyatsiya instansiyasi Do‘stovga 8 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Ushbu jazo u qamoqda o‘tirgan kunlari hisobiga o‘tilgan deb hisoblanib, G‘ayrat Do‘stov sud zalidan ozod qilindi.

Mayda bezorilikda ayblanib 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov ustidan 3 yanvar kuni apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz unda to‘liq ishtirok etib, jarayonni kuzatdi.

Dastlab bir qancha vaqt davomida sudlanuvchining qonuniy vakillari, jurnalistlar va jamoatchilik faollari turli bahonalar bilan sud binosiga kiritilmadi. Keyinroq, Do‘stovning ishtirokisiz sud boshlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov intervyuda aytib o‘tdi.

Do‘stovning sudda ishtirokini ta’minlash bo‘yicha advokatlarning talabi qondirilgach, ochiq sud majlisiga kelgan OAV vakillaridan 4 nafari binoga kiritildi, qolganlar majlisda qatnasha olmadi. Tushdan keyin 15:00ga belgilangan sud javobgarning ishtirokida salkam 2 soat o‘tgach 17:00 atrofida boshlandi.

Protsess boshida sudya Farruh Ergashev tomonidan Do‘stovning shaxsiga aniqlik kiritilib, u shu vaqtacha qayerda saqlangani yuzasidan savollar berildi. Javobgarning aytishicha, u dastlabki sud qaroridan keyin “Panelniy”da faqat 1 kecha saqlangan, keyin poytaxt IIBBga olib borilgan. IIV va IIBB u nega qamoqdan idoraga olib borilgani haqida izoh bermagan.

Protsess davomida huquqbuzarning tobi qochgani sabab, sudya ishni ko‘rishda tanaffus e’lon qildi. 17:00 da boshlangan ma’muriy ish ko‘rish, tanaffuslar bilan 3 soat davom etib 20:10 larda, Do‘stov sud zalidan ozod qilinishi bilan yakunlandi.

Unga MJtKning 183-moddasiga binoan 8 (sakkiz) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo u qamoqda o‘tirgan kunlari hisobiga o‘tilgan deb hisoblanib, Do‘stov sud majlisida ma’muriy qamoqdan ozod qilindi. Qarordan norozi taraflar 6 oy muddat ichida Oliy sudga shikoyat berish huquqiga ega ekani ma’lum qilindi.

Sud jarayonining muhim qismlarini to‘liq shaklda yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: