Las-Vegasda Cybertruck'ni portlatishda harbiy xizmatchi gumonlanyapti

Jahon 08:34 / 03.01.2025 2543

1 yanvar kuni Donald Trampning Las-Vegasdagi mehmonxonasi oldida portlagan Tesla Cybertruck pikapi haydovchisi portlash arafasida o‘zini otib o‘ldirgan. Bu haqda 3 yanvar, payshanba kuni mahalliy sherif Kevin Makmexillga tayanib, Associated Press  xabar berdi.

37 yoshli Mettyu L. AQSh armiyasining "Yashil beretlari" maxsus kuchlar bo‘linmasida xizmat qilgan serjant bo‘lgan. U yaqinda Germaniyaga xizmat safaridan qaytgan va ta’tilda edi. Serjant beshta «Bronza yulduzli» harbiy mukofotlari bilan taqdirlangan. Germaniyadan tashqari u xizmat yillari davomida Ukraina, Gurjiston, Tojikiston, Afg‘oniston va Kongoda xizmat safarlarida bo‘lgan.

Makmexillning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar elektromobillarni zaryadlash stansiyasidan Mettyu L. Cybertruck'ni boshqargani va uning yolg‘iz ekani ko‘rsatilgan fotosuratlarni olgan.

Las-Vegasdagi Tramp mehmonxonasi yonida Tesla portladi, bir kishi halok bo‘ldi

1 yanvar kuni Las-Vegasda AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga tegishli Trump International Hotel mehmonxonasi oldida Tesla Cybertruck elektr pikapi portlab ketdi. Salondagi odam halok bo‘ldi, voqea joyida bo‘lgan yana yetti kishi yengil tan jarohati oldi. Portlash mahalliy vaqt bilan 08.40 lar atrofida sodir bo‘lgan.

Mahalliy sherif Kevin Makmexillning aytishicha, portlashdan avval elektromobil mehmonxonaga kirish joyigacha borgan va uning oldida to‘xtagan, deb yozadi The New York Times. Associated Press agentligi anonim qolishni istagan mahalliy huquq-tartibot idoralari vakillariga tayanib, Cybertruck'ga feyyerverklar ortilgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Ayni paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, bu voqea va yangi yil kechasida Yangi Orleanda olomonga avtomashina hujumi o‘rtasidagi bog‘liqlik versiyasi tekshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: