Qaror bilan, elektr energiyasi iste’molchilari (maishiy iste’molchilardan tashqari) hisob-kitob davrida shartnomada ko‘rsatilgan miqdordan 20 foiz va undan ortiq iste’molga yo‘l qo‘ygan taqdirda, ortiqcha iste’mol uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu qoidada aniq-ravshan qilib “maishiy iste’molchilardan tashqari” deya ko‘rsatib o‘tilgan.
“Ayrim blogerlarning qaror mohiyatini to‘la anglab yetmay turib, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishlari tufayli aholi orasida turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda”, – deya qayd etgan vazirlik.
Oshirilgan tarif yuridik shaxslarga tegishli: masalan, texnik shartida bir oy mobaynida 100 ming kWh elektr energiyasi sarflashi ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish sexi oy mobaynida 125 ming kWh elektr energiyasi iste’mol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kWh uchun 900 so‘mdan emas, 1080 so‘mdan to‘lov qiladi.
Bunday qoida, xususan, tabiiy gaz iste’molchisi bo‘lgan yuridik shaxslarga ham taalluqli.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 iyundan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gazni shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortiq ishlatgan biznes su’yektlaridan ortiqcha ishlatilgan miqdor uchun 2 baravar to‘lov undirish boshlangan edi.
Bu tartib haqida Energetika vazirligi oldindan xabar bermagan, natijada tadbirkorlar o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelgandi.
Oldindan 100 foiz to‘lov qilishgan bo‘lsa ham, limitdan ortiqcha iste’mol uchun 2 barobar (elektr energiyasi uchun kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan, tabiiy gaz uchun kubometriga 3000 so‘mdan) haq undirilayotgani biznesning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
O‘shanda Energetika vazirligi bu tartibni “xorijiy davlatlar tajribasi” deb izohlagan, iqtisodchi Otabek Bakirov esa vazirlikning argumentlari yolg‘on ekanini ta’kidlagandi.
2024 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan an’anaviy muloqotida prezident Shavkat Mirziyoyev bu qoidani yumshatish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Kun.uz avvalroq xabar qilganidek, 27 sentabrdan e’tiboran tartib o‘zgartirilib, oshirilgan stavka 2 baravardan 1,2 baravarga tushirilgan, oshirilgan stavka qo‘llanadigan limit esa shartnomaviy miqdorning 10 foizidan 20 foizigacha oshirilgan.
27 sentabrdan boshlab, shuningdek, “yuqori” va “o‘rta” reytingga ega tadbirkorlarga elektr energiyasi uchun oldindan to‘lovni bir oy davomida ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan.