Bekobod shahri IIB binosida fuqaroni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan IIB xodimiga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan Firdavs Muradullayev 2022 yil yanvar oyidan 2024 yil 1 iyulga qadar Toshkent viloyati IIBB uchinchi mintaqaviy hudud Bekobod shahar IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktika bo‘linmasi profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organ mansabdor shaxsi bo‘la turib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan.
2024 yil 19 iyun kuni soat 17:30 larda profilaktika inspektorlari tomonidan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsatgani sababli aka-uka Dilmurod va Dilshod Yusupvaliyevlar JIB Bekobod shahar sudi binosidan Bekobod shahar IIB ma’muriy binosiga kuch ishlatib olib kelingan. Firdavs Muradullayev Yusupvaliyevlarni so‘rovxonaga olib kirmasdan, Dilmurod Yusupvaliyevning qo‘llarini orqaga qayirgan holda qaddini bukkan hamda qorin qismiga tizzasi bilan zarba bergan. So‘ngra Dilmurod Yusupvaliyevni yerga yiqitib, uning yuz va qorin qismlariga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng Dilmurod va Dilshod Yusupvaliyevlarni vaqtincha ushlab turish uchun o‘z vakolat doirasida shaxsan o‘zi yoxud boshqa mansabdor shaxsning ushlab turish uchun asos hisoblanuvchi qarori qabul qilinmaganini bila turib, IIB binosi ichidagi VUTXga kiritishga erishgan. Oqibatda Dilmurod Yusupvaliyev voqea joyida vafot etgan.
Firdavs Muradullayev o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, VUTX ichida Dilshod Yusupvaliyevning chap quloq sohasiga urgan. Shuningdek, Dilshod Yusupvaliyev VUTXdan ma’muriy bino koridoriga chiqib, profilaktika inspektori M.Imamqulov bilan suhbatlashib turgan vaqtida ham chap yuzi va quloq qismiga ikki marotaba zarba bergan holda unga yengil tan jarohati yetkazgan.
Sudda Firdavs Muradullayev aybiga iqrorlik bildirmagan. U dastlabki tergov organi tomonidan noto‘g‘ri ayblov e’lon qilinganini, Dilmurod Yusupvaliyevni tepmaganini, kamerada tepganga o‘xshab ko‘rinib qolganini, Dilshod Yusupvaliyevni tartibga chaqirish uchun urib yuborganini aytib, jabrlanuvchilarning oilasidan kechirim so‘ragan hamda moddiy va ma’naviy zararlarni to‘lashga tayyorligini bildirgan.
Firdavs Muradullayevning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud hukmi bilan Firdavs Muradullayev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi), 109-moddasi 1-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga IIB tizimida, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Voqea haqida bungacha nimalar ma’lum edi?
2024 yil 19 iyun kuni Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etdi. Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, 43 va 46 yoshli aka-uka qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektori tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
43 yashar fuqaro Bekobod shahar IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va ko‘rikdan o‘tkazilganda vafot etgani aniqlangani qayd etilgan.
“Ko‘z o‘ngimda kaltaklab o‘ldirishdi”
Voqea ishtirokchisi Dilmurod Yusupvaliyev Kun.uz’ga bergan intervyusida marhum ukasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani oqibatida vafot etganini aytgan.
“Bittasi mening ham shimimdan ushlab olgan. Yosh bola emasman, qo‘yib yubor, dedim. Ichki ishlar bo‘limiga birga ketdik. Darvozasidan kirishim bilan uchta xodim mening ham qo‘limni qayirib olib kirdi.
Ikkitasi ukamning qo‘lini qayirib turdi. Bittasi dubinka bilan urdi, bittasi qorniga tepdi, yana bittasi orqasidan urdi. Keyin ukam yiqildi. Tez yordam chaqiringlar, mazam qochyapti, dedi. Shu vaqtda meni ham urishdi, yiqildim. Tez yordam chaqiringlar, mazasi bo‘lmayapti, dedim, shu payt bittasi dubinka bilan qulog‘imga urdi. Ukamni 5-6 kishi bo‘lib yana urib tepa boshladi, hammasi yosh yigitlar ekan. Uchtasi oyog‘ining uchi bilan, bittasi oyog‘ining tagi bilan tepaverdi. “Nolovka” degan xonaning eshigi yonida urishdi”, degan u.
Keyinchalik mazkur ish doirasida bir nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olingandi.