Yevropa Ittifoqining iqtisodiy yordam sifatidagi birinchi transhi Misr Markaziy bankiga 2024 yil 27 dekabrda kelib tushdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mustafo Madbuli Qohirada o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«YeI Misr iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirish doirasida 1 millard yevro miqdorida birinchi transhini yo‘naltirdi. Mablag‘lar o‘tgan juma kuni Markaziy bank hisobiga kelib tushdi», — deydi Madbuli.
Misrda YaIM o‘sishi 2024 yilda 3,5 foizni tashkil etgan, hukumat rahbarining fikricha, ushbu fakt «hokimiyat to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani belgisi» sifatida baholanishi kerak. Madbulining ta’kidlashicha, iqtisodiy masalalarda Qohiraga ishonch bildirilayotganiga o‘tgan yilning 25 dekabrida Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan Misrga 1,2 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratish borasida kelishuvga erishilgani ham isbot bo‘la oladi.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat 2025 yilga mo‘ljallangan «aniq reja»ni ishlab chiqqan bo‘lib, u «Ramazon oyi boshlangunga qadar» davlat o‘zining barcha moliyaviy majburiyatlarini bajarishini va asosiy mahsulotlar narxlarini barqarorlashtirishni ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 17 martda Qohirada o‘tkazilgan sammitda YeI Misrga 7,4 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratishga rozi bo‘lgan va mamlakat bilan sheriklik darajasini strategikka qadar ko‘tarish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi. O‘tgan yilning iyunida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen o‘zining Misrga birinchi tashrifida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida Qohiraga 1 milliard yevro ajratilishini e’lon qilgandi.