Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Alisherobod mahallasi hududidagi 25,52 gektar yer uchastkasi kimoshdi savdosi orqali sotildi.
E-auksion platformasida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, elektron savdoda 2 ta talabgor ishtirok etib, ularning bir nafari tomonidan narx taklifi kiritilgan. Natijada “Valid Trading” kompaniyasining 522,7 milliard so‘mlik yagona taklifi g‘olib deb topilgan.
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining 2024 yil 17 dekabrdagi qarorida yer uchastkasidan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, ofis, mehmonxona, umumiy ovqatlanish xizmatlari, o‘rta qavatli turar joy binolarini tashkil qilish uchun foydalanish ko‘zda tutilgan.
Yer uchastkasi xaridorga 49 yilga ijaraga beriladi. Agar “Valid Trading” kompaniyasi 15 kun ichida to‘liq to‘lovni amalga oshirsa, 20 foiz chegirmaga ega bo‘ladi. Eng kamida 35 foiz dastlabki to‘lov bilan uch yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ham xarid qilish imkoniyati bor. Lot hujjatlarida yer uchastkasi hududidagi daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni noqonuniy kesish, ildizi bilan sug‘orish, shikastlash, yo‘q qilish yoki qayta ekish taqiqlangani ko‘rsatilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Valid Trading” 2019 yil 8 fevralda Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 1,04 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – ixtisoslashmagan ulgurji savdo.
Kompaniyaning 100 foiz ulushi Abduvaliyev Voris Boriy o‘g‘liga tegishli.