AQSh janubidagi Yangi Orlean shahri markazida 1 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi erkak qasddan mashinani olomon ustiga haydab bordi. Kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi yaralandi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi huquq-tartibot xodimlariga tayanib.
Politsiya boshlig‘i Enn Kirkpatrikning aytishicha, haydovchi qasddan olomon ustiga mashina haydagan. «Bu odam imkon qadar ko‘proq odamlarni bosib ketishga harakat qildi, - dedi u. - U qirg‘in uyushtirish va zarar yetkazish istagida bo‘lgan, shunday qildi ham». Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumchi politsiyaga qarata o‘q uzgan va ulardan ikki nafarini yaralagan, shundan so‘ng u javob o‘qidan o‘ldirilgan.
Federal tergov byurosi (FTB) Yangi Orleandagi hujumni «terrorchilik akti» sifatida tekshirayotganini aytdi. Bayonot keyinchalik departamentning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida paydo bo‘ldi.
Keyinroq Amerika OAV xabar qilganidek, kamuflyaj formasidagi 42 yoshli erkak IShID terrorchilik tashkiloti bayrog‘ini ko‘tarib olgan. Bu faktni, xususan, CNN media-kompaniyasi ikki tergovchiga tayangan holda keltirmoqda. FTB hujum AQSh fuqarosi Shamsud D. tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Federal tergov byurosi matbuot kotibi Aletea Dunkanning aytishicha, mashinada ikkita qo‘lbola portlovchi qurilma topilgan va ular zararsizlantirilgan.
Shols: Yangi Orleandagi odamlar ko‘r-ko‘rona nafrat tufayli o‘ldirildi
Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yangi oliy vakili Kaya Kallas 1 yanvar kuni Yangi Orleandagi hujum munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
«Yangi Orleandan dahshatli xabar: bayramni nishonlayotgan baxtli odamlar ko‘r-ko‘rona nafrat tufayli halok bo‘ldi yoki yaralandi. Biz qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlari bilan birgamiz va jabrlanganlarning barchasi tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz», deb yozgan Shols ijtimoiy tarmoqda.
«Yangi Orleanda yangi yil bayramida qasddan qilingan hujumdan chuqur qayg‘udaman. Bunday zo‘ravonlik uchun hech qanday asos yo‘q. Rasmiylar tergovni davom ettirar ekan, biz ushbu fojiali davrda qurbonlar va ularning oilalari bilan to‘liq birdammiz», — deydi Kallas.