«Ularning o‘zi kelmaguncha bu xabarlar feyk deb o‘ylagandim». Kurskdagi shifokorlar shimoliy koreyalik yaradorlar haqida

Jahon 12:14 / 30.12.2024 17504

Dekabr oyi davomida Kurskdagi asosiy shifoxonalardan biriga shimoliy koreyalik yarador harbiy xizmatchilar guruhi yotqizilgan. Ular politsiya tomonidan qo‘riqlanuvchi alohida qavatda ihotalangan. U yerga faqat tibbiy xodimlar va tarjimonlar kirishi mumkin, deyiladi The Guardian muxbiri Pyotr Sauerning Ukraina bilan urushda Rossiya tomonida jang qilayotgan KXDR askarlari haqidagi maqolasida.

Sauer shifoxonaning shimoliy koreyaliklarni davolashda ishtirok etgan ikki xodimiga asoslanib xabar bergan. KXDR askarlari aynan qachon va qaysi shifoxonaga yotqizilgani haqida maqolada aniqlik kiritilmagan.

Shifokorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, olib kelingan askarlarning ko‘pchiligida oskolkadan jarohatlar qayd etilgan. Shimoliy koreyaliklar olib kelinganida bu yerda bo‘lgan yana bir tibbiy xodim xabar berishicha, ayrim harbiylar «sarosimaga tushgan va asabiy» bo‘lib ko‘ringan, ular bilan tarjimonsiz muloqot qilish imkonsiz edi.

«Tongda bizga alohida bemorlarni qabul qilishga tayyor bo‘lishimiz kerakligi aytildi. U yerda shimoliy koreyaliklar jang qilayotgani haqida mish-mishlar bizgacha yetib kelgandi, ammo men bunga ishonmagandim. Ularni oldin hech kim ko‘rmagandi. Ular o‘zi kelmagunicha, men bu gaplarning barchasi feyk deb o‘ylagandim», — deydi shifokorlardan biri.

Oktyabr oyidan buyon Ukraina, Amerika va Janubiy Koreya hukumatlari KXDR hukumati Rossiyaga urushda ishtirok etish uchun o‘z harbiy xizmatchilaridan 10–12 ming nafarini yuborgani, shimoliy koreyaliklarning bo‘linmalari allaqachon yo‘qotishlarga uchragani haqida xabarlar berib kelmoqda. Janubiy Koreya razvedkasi dekabr oyi o‘rtalarida KXDRning tiklanmas yo‘qotishlarini 1100 kishiga baholagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Shimoliy Koreyaning Kursk oblastidagi harbiy harakatlar chog‘ida o‘ldirilgan yoki yaralangan askarlari soni uch mingdan oshganini ma’lum qildi.

26 dekabr kuni telegram-kanallarda Kursk oblastida asir olingan shimoliy koreyalik harbiy aks etgani aytilgan fotosurat keng tarqaldi. Bu askar aynan qachon asir olingani ma’lum emas. Janubiy Koreya razvedkasi ham KXDR askari Ukraina qurolli kuchlari tomonidan asir olingani haqida xabar tarqatgan. Ko‘p o‘tmay Seuldagilar ushbu askar 27 dekabr kuni asirlikda jarohatlardan vafot etganini xabar qildi.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada jang qilayotgan shimoliy koreyalik askarlarning ko‘pchiligi «Shturm korpusi» elita bo‘linmasiga mansub, uning harbiy xizmatchilari «yuqori jangovar ruh»ga ega, ammo ularda «urush olib borishning zamonaviy metodlari haqida tushunchalar yo‘q». Seul versiyasiga ko‘ra, Shimoliy Koreya, katta ehtimol bilan, Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin va harbiy texnikalar yuborishga tayyorlanmoqda.

Rossiya va KXDR shimoliy koreyalik askarlar Rossiya-Ukraina urushiga yuborilayotgani, KXDR askari asir olingani, shuningdek, ular orasidagi yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamagan. «Meduza» qayd etishicha, shimoliy koreyaliklar frontda ekani va yo‘qotishlarga uchrayotgani bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri dalillar hamon yo‘q, ammo bilvosita dalillar yetarlicha.

Ukraina va Janubiy Koreya Moskva shimoliy koreyaliklar janglarda qatnashayotgani izlarini yo‘qotishga urinmoqda, deb yozadi The Guardian. Ularga Rossiya armiyasi formalari va Rossiya fuqaroligi haqida soxta hujjatlar berilgan — ular Yoqutiston, Buryatiya va Tiva aholisi ekani haqida.

KXDR askarlari hududda ekani Kursk oblasti aholisidan ham yashirilmoqda, deyilgan maqolada. Hech bo‘lmaganda Kursk shahri aholisidan, deya qayd etadi The Guardian muallifi, shimoliy koreyalik askarlar regionga olib kelingani amalda sezilmagan. Nashr oblast aholisi vakillaridan hududda KXDR askarlarini ko‘rgan yoki ko‘rmaganini so‘ragan. Sauer Rossiya qo‘mondonligi xorijlik harbiy xizmatchilar harakatiga qat’iy cheklovlar o‘rnatib, ularni aholi yashash joylaridan olisdagi kazarmalarga joylashtirganini taxmin qiladi.

The Guardian jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan ayrim kurskliklar hali ham shimoliy koreyalik harbiylar Kursk oblastini qaytarib olish uchun Rossiya armiyasiga yordamga yuborilganiga shubha bilan qaramoqda. «Men bu yerda shimoliy koreyaliklar bor deb o‘ylamayman; bizning armiya ularsiz ham yetarlicha kuchli», — degan ulardan biri.

Ko‘proq yangiliklar: