O‘zbekistonda elektron ijtimoiy karta muomalaga chiqariladi

O‘zbekiston 20:52 / 30.12.2024 2392

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish moliyaviy agent vazifasini bajaruvchi rezident tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda:

  • barcha fuqarolar uchun dastlab elektron ijtimoiy karta muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi;
  • bank kartasi shaklidagi ijtimoiy karta fuqarolarning xohishiga ko‘ra muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi.

Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish bo‘yicha arizalar quyidagilar orqali taqdim etiladi:

  • YaIDXP (my.gov.uz);
  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda alohida hollarda ijtimoiy xodimlar;
  • moliyaviy agent.

Ijtimoiy kartani samarali amaliyotga tatbiq etish hamda «Ijtimoiy karta» AT va mobil ilovaning lozim darajada ishlashini ta’minlash maqsadida:

2025 yil 1 yanvardan boshlab «Ijtimoiy karta» AT va mobil ilovani texnik qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy karta bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi to‘lov tashkilotining tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan texnik xizmati tomonidan amalga oshiriladi;

2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha agentlikning axborot-ma’lumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi «1070» qisqa raqamli va tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmati («Ishonch telefoni») faoliyati test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.

Dekabr o‘rtalarida prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Yig‘ilishda davlat rahbari barcha hujjatlarning o‘rnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: