Rossiyada deportatsiya rejimiga tushgan migrantlar ustidan nazorat talablari doirasida politsiyaga ular yashaydigan uylar va boshqa binolarga to‘sqinliksiz kirish huquqi beriladi. Bu boradagi tegishli norma 5 martdan kuchga kiradigan qonunda belgilangan.
Qayd etilishicha, politsiyachilar migrantlar yashaydigan uylarga kirishdan tashqari Rossiya davlat organlari va chet el hukumatlaridan nazoratni amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlar, jumladan, tijorat, bank, soliq va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi hujjatlarni so‘rashi mumkin. Bundan tashqari, IIV xodimlariga banklardan chet el fuqarosining bank hisobraqami va u yerdagi pul mablag‘lari aylanmasi to‘g‘risida ma’lumot olishiga ruxsat beriladi.
Politsiya, shuningdek, texnik vositalardan foydalangan holda deportatsiya rejimidagi xorijlik fuqarolarni kuzatish huquqiga ega bo‘ladi. Shunday qilib, huquq-tartibot organlari xodimlariga mobil telefonlar va geolokatsiyalar, yuzni tanish tizimi orqali ishlovchi to‘lov tizimlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar deportatsiyasi rejimi 5 martdan kuchga kiradi. Ushbu rejimga kiruvchi shaxslarning ma’lumotlari maxsus reyestrga joylashtiriladi. Ularga nisbatan turli cheklovlar, masalan, ko‘chmas mulk va transport xaridi, RF hududi bo‘ylab erkin harakatlanishi taqiqlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyaga kiruvchi xorijiy fuqarolarning vaqtincha bo‘lish muddatiga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar kuchga kirdi. Jumladan, xorijliklarning Rossiyada vizasiz bo‘lish muddati 90 kungacha qisqartirildi. Ilgari bu muddat 180 kunni tashkil qilar edi. O‘zgartirishlar Rossiyaga vizasiz kiradigan chet el fuqarolariga tegishli. Rossiyaga viza bilan kelgan xorijliklarning vaqtincha bo‘lish muddati o‘zgarishsiz qolmoqda.