Ispaniya 2025 yil apreldan «oltin vizalar»ni bekor qiladi

Jahon 23:46 / 04.01.2025 2367

Ispaniya 2025 yil apreldan boshlab «oltin vizalar» — investitsiya evaziga chet el fuqarolariga mamlakatda yashash ruxsatnomasini berish tartibini bekor qiladi.

Ta’kidlanishicha, yangi o‘zgartirishlar kuchga kirgunga qadar viza uchun ariza bergan investorlar yoki ularning qarindoshlari mamlakatda yashash uchun ruxsatnomani «ariza berilgan kundagi qoidalarga muvofiq» olishlari mumkin.

«Oltin vizalar» dasturi YeI tarkibiga kirmaydigan davlatlar fuqarolariga investitsiya kiritish, birinchi navbatda ko‘chmas mulk xarid qilish orqali yashash huquqini olish imkonini beradi. Ispaniyada eng keng tarqalgan variant — kamida 500 ming yevrolik ko‘chmas mulk sotib olishdir. Boshqa variantlar — Ispaniya kompaniyalari aksiyalariga 1 million yevro yoki davlat qimmatli qog‘ozlariga 2 million yevro sarmoya kiritish.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil davomida rossiyaliklar Ispaniyada 2,7 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obketlarini xarid qilgan — bu 2014 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ygandi. «Oltin» pasport Kipr iqtisodiyotiga sarmoya kiritganlarga berilar edi. O‘z vatanida korrupsiya, fitna, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘zlashtirish, firibgarlik va pul yuvish, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va noqonuniy qimor o‘yinlari bilan bog‘liq operatsiyalarda ayblanganlar bu pasportdan mahrum etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: