Moskvada Armanistonning sobiq mudofaa vaziri qo‘lga olindi - OAV

Jahon 19:01 / 30.12.2024 4387

Moskvada Armaniston sobiq mudofaa vaziri Arshak Karapetyan qo‘lga olindi. Bu haqda kuch tuzilmalariga aloqador Telegramʼdagi «112» kanali xabar berdi. Sobiq amaldorning ushlanganini «RBK» manbasi ham tasdiqlagan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Karapetyan 29 dekabr kuni qo‘lga olingan.

Ta’kidlanishicha, Karapetyan Armanistonda bir nechta modda — «tadbirkorlik faoliyatidagi noqonuniy ishtiroki», «mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish» va «hokimiyatni suiiste’mol qilish» bilan qidiruvga berilgan.

Mazkur ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Karapetyan 2018 yildan 2021 yilga qadar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning maslahatchisi bo‘lgan. 2021 yil avgustda u mudofaa vaziri etib tayinlangan, 15 noyabrda esa iste’foga chiqarilgan.

2023 yil oktyabrda Karapetyan Pashinyanni xiyonatda ayblagandi, uning fikricha, bosh vazir tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ armiyasining yo‘q qilinishiga sababchi bo‘lgan. «Men, general-mayor Arshak Genrixovich Karapetyan Ozarboyjon tomonining talabini qabul qilmaganim, ular Armaniston Respublikasi hududiga kirishga urinishsa, o‘t ochishni buyurganim uchun lavozimdan chetlatildim», — degandi u.

Karapetyan o‘zining ishdan bo‘shatilishiga Qorabog‘ga tashriflarini ham sabab qilib ko‘rsatgan. Xususan, u 2021 yil 6 noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ga borgan — bir haftda o‘tib esa lavozimdan olingan.

Ko‘proq yangiliklar: