Turkiyada «Krokus» terakti ijrochilariga aloqador shaxslar ishi sudga topshirildi

Jahon 17:43 / 02.01.2025 2782

Turkiyaning Istanbul shahri Bosh prokuraturasi Rossiyadagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terakt ijrochilari bilan aloqada bo‘lganlikda ayblangan besh nafar xorijlik uchun 7,5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosini talab qildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Hofizjon Usmonov, Muteullo Asoyev, Rahmatullo Solihov, Muhammadrahim Fayzov va Hamza Muhammad terrorizmda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular «Krokus» terakti ishi bo‘yicha ayblanayotgan Shamsidin Fariduni va Saidakrom Rajabalizoda bilan aloqada bo‘lgan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, Usmonov va Fariduni Istanbulning «Avjilar» tumanidagi IShID tarafdorlari tomonidan ijaraga olingan uyda yashagan.

Usmonov, Solihov va Asoyev 2024 yil 24 mart kuni avtobusda Eronga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan, Fayzov va uning oilasi 28 mart kuni ushlangan, u allaqachon Eron bilan chegaradagi avtobusga o‘tirgan edi. Agentlikning qayd etishicha, Fayzov va Rajabalizoda 2024 yil 5 yanvarda Turkiyaga kelgan.

Agentlik ayblanuvchi Asoyev va terakt ijrochilaridan biri o‘rtasidagi yozishmalarni keltirdi. Xususan, Asoyev boshqa bir vazifani, Moskvadagi Vegas savdo markaziga bomba qo‘yishni taklif qilgan. Ular ijrochilarni bomba bilan ta’minlashga, shuningdek, terakt uchun 800 ming rubl - oldindan 100 ming va topshiriqni bajargandan keyin 700 ming rubl va’da qilishgan. Shu bilan birga, terakt sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxs yozishmalarda qo‘lga olinishi va o‘ldirilishidan qo‘rqishini bildirgan.

Agentlik iqtibos keltirgan yozishmalarga ko‘ra, Asoyev bomba qo‘yilgandan so‘ng ijrochilarning IShID a’zosi tomonidan Belarus chegarasigacha olib ketilishiga va’da bergan. Shuningdek, ijrochilarga yangi hujjatlar va uy-joy bilan ta’minlash va’da qilingan.

2024 yil 22 mart kuni «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘lgan edi. Tergov jinoyatning bevosita ijrochilari sifatida Tojikiston fuqarolari – Dalerjon Mirzoyev, Saidakrom Rajabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzovni ko‘rsatmoqda. Bu ish bo‘yicha jami 20 dan ortiq kishi hibsga olingan. Shu bilan birga, Rossiya tergov idoralari terakt Ukraina tomonidan tayyorlanganini da’vo qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: